Beqaror Afg'onistonda tinchlik anjumani

  • Amerika Ovozi

Prezident Ashraf G'ani

Afg'oniston yanada beqarorlashib, ichki urushlar avj oladi degan xavotir hukmron. Kobulda Prezident Ashraf G'ani tinchlik yuzasidan xalqaro anjumanga mezbonlik qilmoqda. Uning aytishicha, asosiy muammo - terrorizm.

Yig'inda mintaqaviy xavfsizlik bosh mavzu. Afg'oniston notinch deb bong urmay e'tiborni muayyan masalalarga qaratish kerak, deydi prezident. Kobulda esa hukumatga qarshi namoyishlar tinmagan. Politsya kuch bilan bostirishga urinsa-da, norozi fuqarolar hamon ko'chalarda.

Anjumanda qo'shni Pokiston rasmiylari ham qatnashmoqda. AQSh, Rossiya, Hindiston, Saudiya Arabistoni, Qatar, Birlashgan Arab Amirliklari, Britaniya, BMT va Yevropa Ittifoqi vakillari ham ishtirok etmoqda.

Tinchlikka erishish yo'lida bu davlatlar bir fikrda ekani qayd etiladi va umumiy reja tasdiqlanadi, deydi afg'on diplomatlar. Lekin tanqidchilar nazarida gap sotishning vaqti o'tdi. 40 yildan beri tinchlik orzu bo'lib qolayotgan Afg'onistonda hukumat ham, jamiyat ham tarqoq. Bu tub muammoni yengish uchun konkret qadamlar tashlash kerak.

Kobulda o'tgan hafta yuz bergan terror xurujlarida 120 kishi o'ldirilgan, 600 dan oshiq odam jarohatlangan. Ramazon oyida yana hujumlar bo'ladi degan vahima mavjud, chunki har yili shu ahvol. "Islomiy davlat" terror guruhi o'z tarafdorlarini ro'za paytida olomonni nishonga olishga undamoqda.

Kobulda tinchlik anjumani

Kobulda hukumatga qarshi namoyishlar

Afg'oniston Tashqi ishlar vaziri Salohiddin Rabboniy ma'muriyatdagi muhim shaxslardan biri va xavfsizlik organlarining rahbarlarini yangilashda yetakchilik qilmoqda.

Uning fikricha, Kobul va boshqa yirik shaharlarda terrorchilar bemalol harakat qilayotgani xavfsizlik tizimi yaxshi boshqarilmayotganidan darak. Layoqatli odamlar kerak, deydi u. Rabboniy prezidentga eng yaqin arboblardan biridir.

O'z vazifasini o'tay olmagan mansabdorlar darhol ishdan olinishi, mas'uliyatli insonlar hokimiyatga kelishi va xalq uchun xizmat qilishi kerak, deydi Rabboniy, axborot vositalari bilan suhbatda.

Shanba kuni Bosh vazir Abdulla Abdulla borgan dafn marosimi paytida ketma-ket uch bomba portlagan. Vazirga zarar yetmagan. Rabboniy shundan keyin yanada g'azabga to'lib, ma'muriyatdagi ishonchsiz odamlarni ishdan chetlatish lozim, deya intervyular berdi. Hujumlar ortida hukumat ichidagi odamlar turibdi, deya da'vo qilmoqda u.

Amerikalik tahlilchilar Barnett Rubin va Maykl Kugelman nazarida Afg'oniston qanchalik beqaror bo'lmasin, hukumat tinchlik haqida bir davrada o'tirib, boshqalar bilan muloqot qilayotgani ijobiy hol. Tolibon bilan murosa tomon, shuningdek, siyosiy birdamlik sari harakat qilish kerak, deydi ekspertlar.

AQSh hukumati esa ayni damda Afg'onistonga nisbatan siyosatni qayta ko'rib chiqmoqda.