31-may kuni Afg'oniston poytaxti Kobul shahrida prezident saroyi va elchixonalar joylashgan xavfsiz mahallada kuchli portlash ro'y bergan. 80 kishi o'lgan, 350 dan ziyod jarohat olganlar orasida 11 amerikalik ham bor.
Politsiya ma`lumotiga ko'ra, bir qator elchixonalar, yirik idoralar, shuningdek, telekommunikatsiya binosiga zarar yetgan.
Avtomobil qattiq qo'riqlanadigan hududga qanday kirgani tergov qilinmoqda.
Dastlabki ma'lumotlarga qaraganda, Germaniya elchixonasi yaqinida portlovchi moddalar solingan bir avtomobil portlatilgan. Sog'liqni saqlash vazirligiga ko'ra, qurbonlar soni oshishi mumkin.
Hodisa mas'uliyatini hozircha biror guruh o'z zimmasiga olmagan. Tolibon xurujni biz amalga oshirmadik, deydi. Lekin, Afg'oniston Milliy xavfsizlik tashkilotiga ko'ra terakni Pokistondagi Haqqoniy tizimi uyushtirgan.
Afg’oniston Prezidenti Ashraf G’ani, AQSh mulozimlari va BMT vakillari Ramazon oyida sodir etilgan va begunoh insonlar hayotiga zomin bo’lgan bu xurujni qoralagan.
Kelasi hafta Kobulda qo’shni mamlakatlar va mintaqadagi davlatlar rasmiylari ishtirokida xalqaro anjuman o’tkazilmaqchi. Unda afg’on mojarosiga barham berish yo’llari muhokama etiladi.
Facebook Forum