Afg’onistonda mahbus ayirboshlash yakunlandi, navbat muzokaralarga

  • Amerika Ovozi

Ozod etilayotgan toliblar

Afg’oniston hukumatining bildirishicha, Tolibon harakatining qamoqdagi oxirgi 400 a’zosi ham ozod etilgan. Jarayon nihoyasiga yetgani AQSh vositachiligida tinchlik muzokaralari boshlanishiga zamin yaratishi kerak.

Hukumat so’zlovchisi Javid Faysal mahbus almashinuvi tugaganini e’lon qilar ekan, yana bir necha asirlar taqdiri haligacha hal qilinmaganini qayd etdi. Uning tushuntirishicha, ayrim G’arb davlatlari xorijiy fuqarolarga qarshi qonli hujumlarda ayblangan bu odamlarning ozod qilinishiga qarshi.

“Diplomatik harakatlar davom etmoqda. To’g’ridan-to’g’ri muzokaralar zudlik bilan boshlanishini kutyapmiz”, - deydi u.

Hukumatning muzokara guruhi siyosatchilar, fuqarolik jamiyati faollari, ayollar va hukumat rasmiylarini o’z ichiga oladi. Guruh Tolibon bilan uchrashish uchun Qatar poytaxti Doxaga jo’nab ketishi kutilmoqda. Ma’lumotlarga ko’ra, muloqot 5-sentabr kuni boshlanishi mumkin.

Tolibon harakati ular talab qilgan 5000 mahbus toliblar qamog’ida saqlangan 1000 askar evaziga qo’yib yuborilganini tasdiqlagan. Tolibon mahbuslarining yetti nafari Doxaga ko’chirilib, Qatar hukumati nazoratida bo’lishi aytilmoqda. Tolibon so’nggi jarayonlar borasida “Amerika Ovozi”ga izoh bermadi.

AQSh-Tolibon kelishuvi

Bo’lajak tinchlik muzokaralariga joriy yil fevralida AQSh va Tolibon imzolagan kelishuv zamin hozirlagan. Undan maqsad Afg’onistonda qariyb 20 yillik urushga chek qo’yishdir. Hujjat doirasida Kobul va Tolibonni doimiy sulhga kelishib olishi shart.

Tramp ma’muriyati kelishuv imzolanishi ketidan Afg’onistondagi askarlari sonini 13 mingdan 8600 ga kamaytirdi. 2021-yil yozigacha AQSh barcha qo’shinlarini olib chiqishi rejalangan.

Tolibondan esa terrorizmga qarshi kurashish, mamlakatdagi boshqa guruhlar bilan til topshish va’dasi olingan.

Pokiston roli

AQSh-Tolibon muzokaralari o’tishida muhim rol o’ynagan Pokiston rahbarlarining ogohlantirishicha, afg’on guruhlar o’rtasida muzokaralar uzoq va mashaqqatli jarayon bo’ladi.

“Afg’onistonda 19 yillik urush davomida jamiyat bo’linib, shu qadar ko’p qon to’kildiki, to’satdan hamma kelishib, tinchlik bo’lishi haqidagi utopiyaga hech kim ishonmasa kerak. Vaziyat juda murakkab”, - deydi Pokiston Bosh vaziri Imron Xon.

“Urush davom etgan sari raqobat, nafrat va bo’linish kuchaydi. Natijada raqiblar bir davrada o’tirishi qiyin. Ammo Afg’onistonda tinchlik va siyosiy yechimga eng yaqin kelganimiz shu”, - dedi vazir “Al-Jazira” telekanali bilan suhbatda.

Pokiston Tolibon jangarilariga boshpana bergani va ularni zimdan qo’llab-quvvatlashi haqidagi da’volar Islomobodning Kobul va Vashington bilan munosabatlarini taranglashtirgan omillardan.

Imron Xon uning hukumati toliblarni muzokara stoliga olib kelish uchun bor kuchini ishga solganini aytadi. Buning natjasida, deydi u, Pokistonning AQSh bilan aloqalari yaxshilangan.

“Afg’oniston tinchlik jarayonida sheriklik sharofati bilan Qo’shma Shtatlar bilan hozirda eng yaxshi munosabatlar qurishga erishdik. Bir necha yil oldin bunday emas edi”.