Bir guruh toliblar hukumat kuchlariga taslim bo'ldi

Afg’oniston shimolidagi Juzjon va Faryob viloyatlarida hukumat bilan jang qilayotgan 115 nafar Tolibon vakili taslim bo’ldi.

Chorshanba 22-iyun kuni boshlangan harbiy amaliyot jarayonida Mulla Tohirrahbarligidagi bu toliblar o’z qurol-aslahalari topshirdi.

Juzjon hokimining matbuot bo’yicha yordamchisi Rizo G’afuriyning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Afg’oniston Vitse-prezidenti general Abdulrashid Do’stum rahbarligidagi besh kunlik harbiy amaliyot 22-iyun kuni boshlandi. G’afuriy 115 tolib o’zlarining yengil va og’ir qurol-aslahalari bilan hukumatga taslim bo’lganini aytadi.

“General Do’stum rahbarligidagi bu amaliyot Juzjon viloyatining Dashti Layliy va Faryobning Ostonabobo hududlaridan boshlangan. Harbiylar yetib borishi bilan Tolibonning 115 nafari taslim bo’lgan. Ular 100 ta quroli bilan hukumatga qo’shilgan.Bu toliblar urush boshlanmay turib o’zlarini taslim qilishgan.Yaqin kunlarda toliblarning yana bir qancha guruhlari sulhni qabul qilmoqchi”, - deydi Juzjon hokimining matbuot bo’yicha yordamchisi Rizo G’afuriy.

Hukumat isyonchilarning boshqa vakillarini ham sulhga qo’shilishga undadi. o’z xohish-istagi bilan taslim bo’lgan jangarilar qizg’in kutib olinadi, bosh tortganlar esa nobud qilinadi deydi G’afuriy. Rasmiyning ta’kidlashicha, hukumatga qo’shilgan jangarilarga ish topish va oila a’zolari xavfsizligini ta’minlash bo’yicha yordam beriladi.

General Abdulrashid Do'stum

“Har doim aytganmiz, hukumatning eshigi sulh qilaman deyayotganlar uchun ochiq. Jangdan voz kechib, hukumat va oilalari bilan osoyishta hayot kechirishini xohlaymiz. Ikki oy orasida 100 dan oshiq tolib hukumatga qo’shilgan. Oddiy hayotga qaytishgan”, - deydi G’afuriy.

Joriy yilda Juzjon va Faryob viloyatlari qonli to’qnashuvlarga guvoh bo’ldi. Bu ikki viloyat hatto Tolibon nazoratiga o’tishi mumkin degan mish-mishlar xalqni xavotirga solgan edi. Hozir ham Juzjonning Qo’shteppa va Darzob tumanlari beqaror. Faryobning Almor va Qaysor tumanlarida ham vaziyat yomonlashgan. 120 qishloqni o’rab olgan Qaroiy monli hududi toliblar nazoratiga o’tgan. Qaroiyning toliblar nazoratiga o’tishiga mahalliy qo’mondonlarning kelishmovchiligi sabab bo’ldi, harbiylar to’qnashuvsiz orqaga chekindi, deydi guvohlar.

Bundan oldin ham Vitse-prezident General Abdulrashid Do’stum bir necha hududlardan jangarilarni quvib chiqargan edi. Ammo u bu yerlardan ketgach, harbiylarayrim hududlarniyana boy bergan.

“Bu safar toliblar qaytib kela olmaydi. Jangarilar quvib chiqarilgan hududlarda harbiy markazlar qurilgan. Hududlarda mingdan oshiq harbiylar joylashtirilgan”,- deydi G’afuriy.

Toliblarninag ko’pchiligi mahalliy odamlar, ular orasida pokistonlik, chechenistonlik va o’zbekistonlik jangarilar ham bor, deydi Juzjon hokimining matbuot bo’yicha yordamchisi.

Unga ko’ra, 115 tolibning sulhga qo’shilishi Juzjon, Faryob va Saripul viloyatlarida xavfsizlik bo’yicha vaziyatga ijobiy ta’sir ko’rsatadi.