Afg’oniston va AQSh davom etayotgan tinchlik muzokaralari yuzasidan o’zaro muvofiq pozitsiyada. AQShning Afg’oniston bo'yicha maxsus elchisi Zalmay Halilzod bilan muloqot qilgan Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani shu haqda bayon qildi.
Tanqidchilarga ko'ra, o’tgan yil sentabridan boshlangan tinchlik muzokaralari hozirchgacha sezilarli natija bermagan.
G'ani deydiki, ikki davlat joriy vaziyat bo’yicha muntazam va uzluksiz ravishda axborot almashib turibdi.
“Afg’onistonda tinchlik o’rnatish bo’yicha xalqaro miqyosda muhit ijobiy. Afg’on hukumati, AQSh va Yevropa Ittifoqi ana shu maqsadda yakdil. Bu jarayonlarda Germaniya vositachilik vazifasini o’tamoqda”, - deyiladi Prezident G’ani bayonotida.
Afg'on rahbari tinchlik bo’yicha mintaqaviy konsensusga erishish uchun Kobul amaliy qadamlar tashlayotganini ham ta'kidladi.
“Xalqaro hamjamiyat Afg’oniston haqida qisqa yoki o’rtacha muddatda emas, balki uzoq muddat davomida qayg’urishga kelishib oldi”, - dedi G’ani.
Uning ma’lum qilishicha, Tinchlik bo’yicha Jirg’a oliy kengashi hukumat uchun yo’l xaritasini ishlab chiqqan. Reja bosqichma-bosqich amalga joriy etiladi.
Ashraf G’aniga ko'ra, mamlakatda prezidentlik saylovlari vaziyat taqozosidan qat’iy nazar o’tkaziladi.
AQSh diplomati Zalmay Halilzod fikricha esa xalqaro hamjamiyat Afg’oniston tinchligi bo’yicha yakdil pozitsiyada, bunday murosaga mintaqaviy darajada ham erishilishi lozim.
Tinchlik muzokaralari, deydi u, yangi pallaga kirmoqda va Afg'onistondagi barcha guruhlar unda faol qatnashishi kerak.
Bu jarayon, deydi Halilzod, tomonlar o’rtasida o’zaro anglashuvchanlik va mutanosiblik ham talab qiladi. Mintaqa mamlakatlarining har biri jarayonga qanday hissa qo'sha olishi xususida muzokaralar ketmoqda.