Karzay G’arbning “o’yinchog’i” emasligini ko’rsatib qo’ydi

  • Amerika Ovozi
Afg’oniston prezidenti Hamid Karzay xalqaro koalitsiya qo’shinlari bilan kelisha olmasligi sir emas. Ammo yaqinda AQSh zobitlariga nisbatan keskin tanqidlar, ayniqsa uning NATO va Tolibon til biriktirgani haqidagi iddaolari undan ham o’tib tushdi, deydi siyosatdonlar.

Your browser doesn’t support HTML5

Karzay G’arbning “o’yinchog’i” emasligini ko’rsatib qo’ydi/Shohruh Hamro


Ehtimol G’arbning “o’yinchog’i” emasligini namoyish etish uchun Hamid Karzay necha yillardan buyon uning yurtida xavfsizlikni ta’minlayotgan xalqaro kuchlardan uzoqroqda yurishga harakat qilib keladi.

Uning shu hafta qilgan bayonoti ayniqsa agressiv deb baholanyapti.

“Amerika Tolibonni dushman deb bilmaydi. Go’yoki bu guruh bilan urush ketmayapti. Ammo AQShning o’zi Tolibon bahonasida har kuni afg’on xalqini tahqirlaydi”, - deya ta’kidladi Karzay.

Sal o’tmay afg’on rahbari bu gaplarni faqatgina Vashington bilan munosabatlarga oydinlik kiritish uchun aytdim, degan.

Kobuldagi tahlilchilar fikricha, janob Karzay AQSh harbiylari Bagram qamoqxonasini mahalliy hukumatga topshirmayotganidan g’azabda. Prezident Amerika maxsus kuchlariga Vardak viloyatini tark etishni ham buyurgan, mazkur buyruq ham bajarilmayapti.

AQSh qo’mondoni Jozef Danfordning bildirishicha esa yaqin orada xorijiy askarlar Vardakdan olib chiqiladi va afg’on zobitlari ular o’rnini egallaydi.

Bundan tashqari, prezident Karzay xalqaro hamjamiyatni uning maslahatisiz Tolibon bilan maxfiy muzokaralar olib borayotganlikda ayblamoqda.

“Tolibon yetakchilari va vakillari Amerika rasmiylari bilan har kuni uchrashadi. Bizning xabarimiz yo’q deb o’ylashmasin. Tolibonning vatanparvar a’zolari bizga hammasini yetkazib turibdi”, - deydi afg’on rahbari.

NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen NATO jangarilar bilan zimdan gaplashayotgani haqidagi da’volarni qat’iyan inkor etdi.

“NATO, AQSh va Tolibon o’rtasida hech qanday maxfiy kelishuv bo’lishi mumkin emas. Prezident Karzay baland minbardan turib bunday ahmoqona iddaolar qilishdan o’zini tiyishi kerak”, - deydi Rasmussen.

Biroq afg’on hukumati ham bo’sh kelmayapti. Prezident matbuot kotibi Aymal Fayzining ta’kidlashicha, minglab begunoh insonlar hayotiga zomin bo’lgan terrorga qarshi urush - “behuda va maqsadsiz” bir missiya.

Kobulda tadqiqot olib borayotgan ekspert Keyt Klark Vashington-Kobul orasidagi shundoq ham qaltis aloqalar bugun eng past nuqtaga yetganini aytadi.

2014-yilda NATO qo’shinlari yurtni tark etishga hozirlanar ekan, Karzay G’arbga tobe emasligini ko’rsatib qo’ymoqchi, deydi olima. Ajnabiylarga qarshi balandparvoz nutqlar bilan u aholi orasida obro’ qozonadi.

“Qo’shma Shtatlar Afg’onistonda hali uzoq vaqt qolishiga Karzayning ishonchi komil. Biladiki, qo’pol muomala qilsa ham, bu yerdagi strategik manfaatlari bois AQSh Afg’onistonni o’z holiga tashlab keta olmaydi”, - deydi Keyt Klark.

“Ipak Yo’li Konsalting” nomli tadqiqot markazi rahbari, sobiq diplomat Umar Samad Hamid Karzayning so’nggi bayonotlarini mamlakatdagi ahvol bilan izohlaydi. Urush 10 yildan beri davom etayotgan bo’lsa-da, xalqaro alyans tinchlikni ta’minlay olmadi, deydi Samad.

Shunday bo’lsada, millatchilik ruhida aytilgan so’zlar xalqaro miqyosda ham, Afg’onistonning o’zida ham prezidentga qimmatga tushadi, deydi sobiq rasmiy.

“Siyosiy guruhlar ham, ijtimoiy tashkilotlar ham uning adovatga to’la nutqiga qattiq munosabat bildirishyapti. Afg’oniston ahli ertangi kundan xavotirda, prezident ularning og’irini yengil qilayotgani yo’q”, - deydi Umar Samad.

“Amerika Ovozi” bilan gaplashgan ekspertlarning umumiy xulosasi shuki, janob Karzayning xalqaro koalitsiyaga nisbatan og’zaki hamlalari iqtisodiy va xavfsizlik muammolari bilan ro’baro’ turgan o’lkada siyosiy beqarorlikni oshirishga xizmat qiladi xolos.