Afg’onistonda saylov natijasi haligacha ma’lum emas

  • Amerika Ovozi

Nomzodlar Ashraf G'ani va Abdulla Abdulla

Afg’onistonda 14-iyundagi prezident saylovlarida berilgan ovozlar qayta hisoblanmoqda. Jarayonga mahalliy va xalqaro kuzatuvchilar bosh-qosh.

Your browser doesn’t support HTML5

Afg’onistonda saylov natijasi haligacha ma’lum emas/Shohruh Hamro

Tahlilchilarga ko’ra, saylov bo’yicha hanuz bir to’xtamga kelinmagani iqtisodiyotga ziyon hamda mamlakat kelajagini xavf ostiga qo’yadi.

Afg’onistonning turli chekkalaridan har kuni minglab byulletenlar Kobulga yetkazilyapti. Jami 8 million ovoz qayta hisoblanishi lozim. Bu haqda o’tgan oy AQSh Davlat kotibi Jon Kerrining Afg’onistonga safari chog’ida kelishib olingan edi.

“Har ikkala nomzod audit natijasini tan olishga rozilik berdi. Saylov g’olibi prezidentlik kursisini egallaydi va zudlik bilan yangi hukumat tuzadi”, - degan edi Kerri matbuot anjumanida.

Biroq turli kelishmovchiliklar va xalqaro kuzatuvchilar kamligi bois jarayon silliq kechmayapti.

Muammo shundaki, deydi Afg’oniston bo’yicha ekspert Skot Smit, saylov natijasi haligacha aniq emas. Yodingizda bo’lsa, ovoz berishning birinchi bosqichi 5-aprelda o’tgan edi.

Nomzodlar Abdulla Abdulla va Ashraf G’ani BMT rahnamoligidagi tekshiruvga rozilik bergan bo’lsa-da, jarayonning ikir-chikirlarini belgilab olish yana bir necha hafta vaqt oldi.

Abdulla Abdulla milliondan ziyod ovozlar uning raqibi foydasiga soxtalashtirilganini da’vo qilib keladi.

Siyosiy mashmashadan birinchi navbatda Afg’oniston iqtisodiyoti zarar ko’rmoqda. Sarmoyadorlar mamlakatga yaqinlashmaydi, deydi Skot Smit.

“Natija e’lon qilinib, hukumat tuzilishi kerak. Hokimiyat kimning qo’lida ekani, davlatni kim boshqarayotganini bilaylik. Mavhumlikka nuqta qo’yish kerak”, - deydi u.

Bu orada, Tolibon mamlakat bo’ylab yana faollashgan. Ma’lumki, Amerika qo’shinlari shu yil oxirida Afg’onistonni tark etadi.

Siyosatshunos Jed Oberga ko’ra, Afg’oniston oldinga siljiyotganini, Tolibonga zarba berishga qodir ekanini xalqaro jamoatchilikka namoyish etmoqchi bo’lsa, hokimiyat tinch, demokratik yo’l bilan o’zgarishi darkor.

Amaldagi prezident Hamid Karzay AQSh bilan xavfsizlik shartnomasini imzolashni istamaydi. Hujjat mamlakatda 10 ming sonli qo’shin qoldirishga yo’l ochgan bo’lardi.

Harbiy yetakchilarning aytishicha, Afg’onistonning yangi rahbari kelishuvni sentabrga qadar imzolashi zarur. Ammo hozirgi dolzarb masala saylov g’olibini aniqlashdir.