Yaqin orada Amerika qo’shinlarining yarmi Afg’onistondan qaytadi degan xabar noto’g'ri. Bu haqda Prezident Trampga yaqin senator bayonot berdi.
“Bunday raqamlarga doir dalilim yo’q. Xabarning to’g’riligiga ishonmayman”, - dedi senator Linzi Grem Pokistonga safari chog'ida.
“The New York Times” nashri Prezident Donald Tramp Afg’onistondan yetti mingga yaqin qo’shinni qaytarishga qaror qilganini yozgan edi. Oq uy raddiya e’lon qilmadi. “The Washington Post” gazetasiga ko'ra, sobiq Mudofaa vaziri Jim Mattis aynan Afg’oniston va Suriyadan qo’shinlarni chiqarish borasida prezident bilan kelisha olmagani sabab iste’fo bergan.
Amerika qo’shinlarining qisqarishi haqidagi xabar mintaqada bezovtalik uyg’otgan.
Shu kunlarda AQShning Afg’oniston bo’yicha maxsus elchisi Zalmay Halilzod to’rt kunlik tashrif bilan Pokistonda bo’ldi. Mezbon davlat urinishlariga qaramay, Tolibon Amerika delegatsiyasi bilan uchrashuv taklifini rad etgani haqida xabarlar bor.
Muzokaralar boshi berk ko’chaga kirib qolgan. Tolibon jarayonga Afg’oniston hukumatining jalb etilishini istamaydi. Harakat afg’on hukumatini “Amerikaning qo’g’irchog’i” deb biladi, qonuniy hukumat sifatida tan olmaydi.
Senator Linzi Grem afg’on urushiga siyosiy yechim topish lozimligini ta’kidlaydi. U nizolarga yakun yasash borasida AQSh va Pokiston rahbarlarining uchrashuvini tez fursatda o’tkazishni taklif qildi.
AQSh va Pokiston umuman bir-biriga ishonmay qo'yganiga, Grem nazarida, Islomobod Amerika bilan to’liq hamkorlik qilmayotgani sababchi.
“Pokiston bizni yanada ishonchli hamkor sifatida ko’rgan kuni samaraliroq natijaga erishadi”, - dedi u.
AQSh uzoq vaqtdan buyon Pokistonni Tolibonni qo’llab-quvvatlaganlikda ayblab keladi. Islomobod ayblovni inkor etgan. Vashingtonga ko’ra, Islomobod Tolibonni muzokara stoliga jalb qilishda asosiy vositachi bo’lishga qodir.