Afg'onistonga atalgan moddiy yordam qayoqqa ketdi?

  • Amerika Ovozi

Afg'oniston

Qo’shma Shtatlar Afg’onistondagi loyihalar uchun ajratilgan pul qanday sarflanganini tekshirib, ayanchli xulosaga keldi. Milliardlab dollar rejalashdagi xatolar, ijro nazoratining yetishmasligi va mas’uliyatsizlikdan ko’kka sovurilgan.

2009-yildan beri AQSh hukumati Afg’onistonda yo’lga jangarilar tomonidan bombalar qo’yilishining oldini olishga qaratilgan loyihaga 32 million dollar sarfladi. Biroq Afg’onistonda qayta tiklash ishlarini nazorat qiluvchi maxsus inspektor xulosasiga ko’ra, qancha ish qilingani haqida aniq ma’lumot yo’q.

Bosh inspektor Jon Sopkoning iyul oyida Kongressga bergan hisobotida aytilishicha, loyiha uchun tasdiqdan o’tgan kontraktlar sonini hamda rejada ko’zlangan 2500 ta joyga qancha moslama o’rnatilganini aniqlashning iloji bo’lmagan.

Nazoratga olinmagan bunday holatlar ko’p, deyiladi hisobotda.

Shulardan biri Hilmand viloyatida 34 million dollarga qurilgan harbiy imorat. Inspektorning aytishicha, binoni hech kim egallamagan, u hech qachon ishlatilmasligi va hatto buzilishi mumkin.

Bundan tashqari AQSh Mudofaa vazirligi Afg’oniston armiyasi uchun samolyotga salkam 772 million dollar sarflash arafasida turibdi, ammo afg’on qurolli kuchlari bu samolyotni na ishlata oladi, na unga qarashga yetarli bilimi bor.

Inspektor Sopkoning Kongressga ma’lum qilishicha, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligining Afg’oniston uchun 47 million dollarlik stabilizatsion dasturi ham oqsamoqda, kontrakt shartlari bajarilmayapti.

Dasturning Kobuldagi rahbari Mayk Makkord loyihani himoya qildi.

"Bu dastur – faxrimiz, uning yordamida ko’p ishlarni uddaladik, mahalliy jamoalar hayotini ijobiy tomonga o’zgartira oldik", - deydi Makkord.

Taraqqiyot agengligiga ko’ra, dastur doirasida salkam ikki ming davlat rasmiysi va jamoa yetakchilari bilan ish qilindi. Biroq tekshiruv xulosasida bir tiyin ham jamoa loyihalarini moliyalovchi grantlarga ajratilmagani qayd etiladi.

Auditorning aprel oyida taqdim etgan hisobotida USAID tomonidan jami 18,5 million dollarga moliyalangan ikki yangi kasalxonani boshqarishning iloji yo’qligi ta’kidlangan. Afg’on rasmiylari bunday kasalxonalardan foydalanish va ularni tutish uchun mablag’dan qiynalayotganini aytgan.
Yangi Amerika fondi tahlilchisi, o’tmishda elchilik qilgan Umar Samad bunday isrofgarchiliklarning oqibati yaxshi bo’lmaydi, deydi.

"Pulni ko’kka sovurish, boshqaruvni eplay olmaslik, tamagirlik, korrupsiya nafaqat ikki davlat o’rtasidagi aloqalarga, balki missiyaga putur yetkazadi. Amerika xalqi so’nggi 12 yil saxiylik qildi. Bu ularning soliq pullari, kimdir axir bunga javob berishi kerak-ku", - deydi Samad.

Tahlilchiga ko’ra, AQShning Afg’onistonga yordamini nazorat qilish juda muhim.

"Donorlar va yordamni qabul qilayotgan tomon birday mas’ul bo’lishi kerak. Afg’onistonda ko’p pul sarflandi, ko’p ishlar amalga oshirildi, ayrimlari ijobiy, boshqalari salbiy. Xatolar aniqlangach, ularni tuzatish ham kerak", - deydi sobiq diplomat.

2002-yildan beri Kongress Afg’onistonda xavfsizlik kuchlarini yaratishga, boshqaruvni yaxshilashga va iqtisodiy taraqqiyot uchun salkam 93 milliard dollar ajratgan. Shundan 17 milliard dollarni USAID sarflagan.

Bosh inspektor Sopkoning aytishicha, Afg’onistonni qayta qurish AQSh uchun tarixda eng qimmat loyiha bo’ldi. Ammo, deya ogohlantiradi rasmiy, Vashington maqsadlari va ularning Afg’onistondagi ijrosi o’rtasida farq tobora chuqurlashib bormoqda.