Uruzgonda politsiyachi 10 nafar hamkasbini o'ldirgan

  • Amerika Ovozi

Afg'on politsiyachisi

Afg'onistonning Uruzgon viloyatida bugun, seshanba kuni politsiyachi 10 nafar safdoshini otib o'ldirgan.

U toliblarga aloqador ekani taxmin qilinmoqda. Voqea Chinortog' tumanida, xavfsizlik punktida ro'y berib, politsiyachi avval hamkasblarini mast qilib, keyin otgan.

Rasmiylarning aytishicha, hujumda gumon qilinayotgan ofitserdan darak yo'q. Xavfsizlik punktidan avtomobil va qurol-aslahalar olib qochilgan.

Biroq Tolibon hodisani boshqacha izohlayapti. Jangarilar vakili Qori Yusuf Ahmadining aytishicha, toliblar politsiyachilarga hamla qilib, ularni o'ldirgan.

O'tgan haftada ham Uruzgonda Tolibon bilan hamtovoq ekani taxmin qilingan to'rt politsiyachi to'qqiz nafar hamkasbini o'ldirib, o'zlari qochib qolgan edi. Ular marhumlarning qurol-yarog'ini ham olib ketgan.