Huquq tashkilotlari Afg’onistonda o’lim jazosini bekor qilishga undadi

  • Amerika Ovozi
Huquq himoyasi bilan shug’ullanuvchi xalqaro tashkilotlar Afg’onistonda o’lim jazosini bekor qilishga chaqirmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Kundalik Eshittirish, 21-noyabr, 2012-yil


Prezident Hamid Karzay ruxsati bilan bugun sakkiz mahbus qatl etilgan. Bu shaxslar qotillik, odam o’g’irlash va jinsiy zo’rlash kabi jinoyatlarda aybdor topilgan, deydi rasmiylar. Yaqin kunlarda yana sakkiz odamni ayni jazo kutmoqda.

“Human Rights Watch” va Xalqaro Amnistiya tashkilotlari afg’on adliya tizimi salohiyati, sudlar xolisligini savolga tutar ekan, o’lim jazosiga qat’iyan qarshilik bildirib keladi.

Yevropa Ittifoqi ham Afg’oniston hukumatini bu choraga moratoriy, ya’ni cheklov qo’yishga undamoqda.

Bugun shuningdek, poytaxt Kobulda NATO bazasi yonida bir kishi o’zini portlatib, mahalliy ikki askarni o’ldirgan. Besh fuqaro jarohat olgani ma’lum.

Rasmiylarning aytishicha, beliga bomba bog’lab olgan ikki odam bazaga yaqinlashgach, askarlar o’t ochgan.

Hujumchilardan biri o’zini portlatishga ulgurdi, deydi harbiylar. Xuruj Kobulning xalqaro koalitsiya qarorgohi va elchixonalar joylashgan qismida ro’y bergan.

Xorij qo’shinlari orasida talofatlar yo’q. Tolibon bu uning ishi ekanini aytmoqda.

Qo'shni Pokiston janubi-g’arbidagi portlash esa uch zobitni hayotdan olib ketdi. Yana olti askar yarador. Ma’murlar so’zlariga qaraganda, Kvetta shahrida o’quvchilarni qo’riqlayotgan harbiy mashina portlagan. Talofatlar soni oshishi mumkin.

Hujum ortida kim turgani aniq emas. Kvetta Balujiston viloyatining poytaxti bo’lib, hududda mazhablararo adovat kayfiyati kuchli, jangari hujumlari bot-bot ro’y beradi.

Kobul portlashdan larzaga keldi