Dobbins: AQSh askarlarining Afg'onistonda qolishi Kobulning qaroriga bog'liq

  • Amerika Ovozi

Afg'oniston va Pokiston bo'yicha AQSh maxsus vakili Jeyms Dobbins

Tolibon Qatarda ochilgan idorasini yopgach, tinchlik muzokaralari boshi berk ko’chaga kirib qoldi. Ayni paytda xalqaro qo’shinlarni olib chiqish bo’yicha ham Obama ma’muriyati va Afg’oniston hukumati bir fikrga kela olmayapti.

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh-Afg'oniston muzokaralari, Behzod Muhammadiy

Davlat departamentining Afg’oniston bo’yicha maxsus vakili Jeyms Dobbinsning aytishicha, 2014-yildan keyin Afg’onistonda AQSh askarlarini qoldirish masalasi bo’yicha hanuz kelishuvga erishilgani yo’q. Agar muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlansa, amerikaliklar mamlakatni birorta ham askar qoldirmasdan tark etishi ehtimoli ham bor. Ammo bunday bo’lishi haqiqatdan yiroq, deydi Jeyms Dobbins.

“Biz Afg’onistonga harbiy va fuqaroviy ko’mak berishda davom etish niyati bilan muzokaralar olib boryapmiz. Agar ular yordamimizni xohlamasa, Afg’onistonni tark etishimiz aniq. Demak, butunlay tark etish varianti Afg’onistonning o’zi bizning qolishimizni istamagan holatdagina yuz beradi”, - deydi Dobbins.


AQShning Afg’oniston bo’yicha rasmiysi Tolibon bilan olib borilayotgan muzokaralar haqida ham to’xtalib, mavjud muvaffaqiyatsizlikka o’zaro tushunmovchiliklar sabab bo’layotganini aytadi.

“Nazarimda, tushunmovchiliklar bo’ldi. Biz, dastlab, Tolibon o’zini Islomiy amirlik vakili sifatida ko’rsatishga urinyapti, jiddiy muloqot qilish niyati yo’q, deb tushundik. Aslida o’zaro yaxshi aloqa o’rnatilmagan. Tolibon bilan to’g’ridan tog’ri gaplashmadik, o’rtada vositachilar bor edi. Ular bo’rttirib aytayotgan bo’lsa ham, darhaqiqat, anglashilmovchilik bo’ldi”, - deydi Dobbins.

Tinchlik muzokarlarida Pokistonning ham vositachiligi muhim o’rin tutishi aytiladi. Ammo Karzay ma’muriyati qo’shni davlat bilan murakkab aloqalarga ega. Bu ham Tolibon bilan tinchlik muloqotining silliq kechishiga to’sqinlik qilmoqda.

“Pokiston hamkorlik qilsa ham, qilmasa ham tanqid ostida. Pokiston barcha masalalarda to’liq vositachilik qilyapti, deb aytolmayman. Ayni paytda Afg’onistonning ham tashvishlanishga arziydigan sabablari borligini tushunaman. Ammo muloqotni boshlashda har ikki davlat ham yordam bermoqda”, - deydi AQSh rasmiysi.

Kelasi yili Afg’onistonda prezidentlik saylovlari bo’lib o’tadi. Ikkinchi muddatini tugatayotgan amaldagi rahbar Hamid Karzay saylovda ishtirok etmaydi. Dobbinsga ko’ra, tinchlik muzokaralarining davom etishida bu saylovlar juda muhim.

“Prezident Karzay saylovni o’z vaqtida o’tkazishini va unda ortiq qatnashmasligini bot-bot ta’kidlamoqda. Bu bayonotlarga zid biror narsa aytganini bilmayman. Biz prezidentga ishonamiz va u o’z so’zining ustidan chiqadi, deb umid qilamiz. Kelasi yili Afg’onistonda ro’y beradigan eng muhim voqea bu saylov. U hatto xavfsizlik bo’yicha o’zaro hamkorlikdan ham, tinchlik muzokaralaridan ham muhimroq. Chunki u Afg’onistonning kelajagini hal qiladi”, - deydi AQShning Afg’oniston bo’yicha vakili Jeyms Dobbins.

Rasmiyning aytishicha, Afg’onistonda agar saylovlar yaxshi o’tsa, boshqa masalalar ham ijobiy hal bo’ladi.