Afg'onistonda saylovda yutqazgan tomonga hukumatdan joy beriladi

  • Amerika Ovozi

(Chapdan) Afg'oniston prezidentligiga nomzodlar - Ashraf G'ani hamda Abdulla Abdulla, 12-iyul, Kobul, Afg'oniston.

AQSh hukumatining ma’lum qilishicha, Afg’onistonda o’tkazilgan prezidentlik saylovlari qanday natija bilan yakunlanishidan qat’i nazar, yutqazgan tarafga ham yangi hukumatdan joy beriladi. Ammo yangi hukumatda uning o’rni qanday bo’lishi haqida aniq ma’lumot berilmagan.

Yaqinda AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Afg’onistonga borib, prezidentlikka nomzodlar – Abdulla Abdulla hamda Ashraf G’anini o’zaro murosaga keltirish uchun vositachilik qilgan edi. Uchrashuvlar natijasida har ikki taraf ovozlarning BMT yetakchiligida qayta tekshirib chiqilishiga rozi bo’lgan.

AQSh rasmiylariga ko’ra, tomonlar siyosiy tafovutlarni yig’ishtirib, milliy birlik va barqarorlik yo’lida birlashish rejasini ham ma’qullagan. “Nyu-York Tayms” gazetasining xabar berishicha, ushbu rejaga mamlakat siyosiy tizimini prezidentlik respublikasidan parlamentar demokratiyaga aylantirish masalasi ham kiritilgan. Yangi tizimda hukumat rahbari bosh vazir, davlat rahbari esa prezident bo’ladi.

Saylovning 5-aprel kuni bo’lib o’tgan birinchi bosqichida nomzodlarning hech biri 50 foizdan ko’p ovoz to’plamagani bois, eng ko’p ovoz yig’gan ikki nomzod o’rtasida 14-iyun kuni saylovning ikkinchi bosqichi o’tkazilgan edi. Birinchi bosqichda 1-o’rinni egallagan Abdulla Abdulla ikkinchi bosqichda Ashraf G’anidan bir million ovozga ortda qolgani aytiladi. So’nggi natijalar hali e’lon qilingani yo’q.

Abdulla ilk natijalarni inkor etib, saylov komissiyasini hamda prezident Hamid Karzayni saylov davomida firibgarliklarga yo’l qo’yganlikda aybladi.

Kerrining aytishicha, tekshiruvlardan keyingi so’nggi natijalarni e’lon qilguncha bir necha hafta o’tishi mumkin. Shu bois prezident Karzay yangi davlat rahbarining 2-avgustga belgilangan qasamyod keltirish marosimini ortga surishga rozi bo’lgan.