Farhundani o'ldirgan to'rt shaxs o'limdan xalos etildi

  • Amerika Ovozi

Afg'onistonda marhum Farhundaning taqdiri haqida bong urayotgan ayollar namoyishi

Afg'onistonda yil boshida bir ayolni shafqatsizlarcha o'ldirgan to'rt kishi o'lim jazosidan xalos etilgan. Sud bu shaxslarga berilgan oliy jazoni bekor qildi va uch nafarini 20 yilga ozodlikdan mahrum qildi. To'rtinchisi voqea paytida 17 yosh bo'lgani uchun 10 yilga qamaldi.

Jarayon yopiq eshiklar ortida o'tgan, unga jurnalistlar, hatto marhum ayol Farhundaning oilasi kiritilmagan. Qaror avvaliga sir tutilayotgan edi, biroq chorshanba kuni mahalliy telekanal anonim manbalarga tayanib bu haqda e'lon qilgan. Farhundaning oilasi g'azabda.

27 yoshli ayol mart oyida Qur'onni yoqqan deya tuxmatga qolib, bir to'da odam tomonidan kaltaklanib o'ldirilgan. Mobil telefonda olingan videoda ayol avval do'pposlangani, so'ng tomdan tashlanib, ustidan mashina yurib o'tganini ko'rish mumkin. Keyin odamlar uning jasadini Kobul ko'chalaridan sudrab, oxiri daryoga uloqtirgan.

Voqea Afg'oniston va butun dunyoda shov-shuv, g'azab va tanqidlar uyg'otdi. Afg'oniston hukumati odil sudlov va'da qilgan.

Avvaliga hodisa ortidan o'ttiz nafar oddiy fuqaro va 19 ofitser ushlangan edi. Ular ayolni kaltaklash yoki befarq qarab turganlikda ayblangan.

Sud to'rt kishini, xususan, Farhundaga tuxmat qilgan Mulla Zaynul Obidinni o'limga hukm qilgan edi. Yana sakkiz kishi 16 yildan qamoq jazosi oldi.
11 ofitser bir yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

Afg'onistonda ayollar huquqlari uchun kurashayotgan faollar bu qarorlar yetarli emas, deya nozori. Ularning aytishicha, xotin-qizlarga qarshi jinoyatlarni adliya tizimi jiddiy qabul qilmaydi.