Hilmandda toliblar politsiya va razvedka idorasiga hujum qildi

  • Amerika Ovozi

Hilmand viloyati Gereshk tumanida toliblar hujumidan keyingi ko'rinish

Afg’oniston janubidagi beqaror Hilmand viloyatida toliblar xavfsizlik xizmati idoralariga hujum qildi. Xuruj chorshanba kuni Gereshk tumanida politsiya mahkamasi va razvedka idorasida yuz bergan.

Hilmand viloyati rasmiysi Abdul Jabbor Qahramonning aytishicha, politsiya bunga javoban o’t ochib, yetti tolibni o’ldirgan va hozir hujumchilarning qolgani qidiruvda. Voqeada kamida bir ofitser halok bo'lgan, yana bir necha politsiyachi jarohat olgani ma’lum.

Tolibon vakili Qori Yusuf Ahmadining da’vo qilishicha, jangarilar afg’on xavfsizlik kuchlariga qaqshatqich talofat yetkazgan.

Hujum ortidan mutasaddilar Qandahor-Hirot katta yo’lini yopishga qaror qildi. Bu trassa Afg’oniston janubi va g’arbini bog’laydi. Yo’llar yopilib minglab yo’lovchilar manzilga yeta olmaganidan norozi.

Ko’knor yetishtirishda ilg’or, Tolibon manzili bo’lmish Hilmand Pokiston bilan chegaradosh va Afg’onistonning eng yirik viloyatidir. Viloyatning 14 tumanidan aksariyatida toliblar nazoratni qo'lga olgan.

Hilmandda yetishtirilgan afyun jangarilarning asosiy daromad manbaidir, deya bildiradi Birlashgan Millatlar Tashkiloti rasmiylari.

Sobiq harbiy Shermuhammad Karimiyning aytishicha, bu jinoiy tarmoq nafaqat toliblar, balki qoradori savdogarlari va oddiy odamlarni birday domiga tortmoqda. Afyun savdosi gullashidan ko’plar manfaatdor. Bu esa hukumatning va ichki ishlar idoralarining ishini qiyinlashtiradi, deydi u.

Bu orada, g’arbdagi Hirot viloyatida Tolibon ichidagi raqib guruhlar o’zaro olishib, natijada 70 jangari o’lgan.