Afg’onistonda shifokorlar eng band kasb egalari

  • Amerika Ovozi
Xalqaro qo’shinlar ketishi arafasida Afg’onistonda urush yanayam avjida chiqqan. Siyosiy va qabilaviy guruhlar hukumat talashayapti, tinch aholi esa buning jabrini tortishga majbur.

Xalqaro yordam miqdori kamayib borayotgan bo’lsa-da, nodavlat kasalxona xodimlari ishini xolis bajarishni uddalamoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Afg'oniston kasalxonalari moddiy yordamga muhtoj


Doktorlar otishmada yaralangan bolaning oyog’ini amputatsiya qilishga majbur.

Italiya nodavlat tashkiloti moliyalovchi bu klinikada har kuni shu ahvol. Jarrohlar qo’li qo’liga tegmay ishlayapti. Vrach Luka Radaelli bemorlar soni kun-sayin oshib borayapti, deydi.

“Qabulimizga har kuni, har soat kimdir kelib tushadi. Qish bilan qiyoslaganda yozda odatda kasal ko’p bo’ladi, lekin bu yil yaradorlar oqimi nihoyatda yuqori. Klinikada bor-yo’g’i 100 joy bo’lsa, shuncha bemorni qanday eplash mumkin?” – deydi shifokor.

Italiya insonparvarlik tashkiloti Kobulda uchta operatsiya markazi, butun Afg’oniston bo’ylab 40 ta tez yordam punktini yuritadi.

Chet el qo’shinlari mamlakatni tark etar ekan, donorlar yordami ham kamayib borayapti. BMTning Afg’oniston bo’yicha madad dasturi rasmiysi Nilab Mobarez:

“Xalqaro hamjamiyatdan iltimosimiz – Afg’oniston gumanitar ko’makka g’oyat muhtoj. Yordam uzilishiga yo’l qo’ymang. Dunyoning eng kambag’al davlati bu. Hozir chetdan yordam ta’minlab turilgan sharoitda afg’onlar arang oyoqda turibdi. Xorijning insonpavarlik madadi uzilsa, yurt barbod bo’ladi”, - deydi BMT mulozimi.

Kobuldagi chang-to’zon va to’polon nohiyadagi italiyanlar boshqaradigan kasalxona ozoda, shinam. Odamning ko’zi yayraydi. Sifatli tibbiy xizmat, tinchlik, e’tibor topasiz bu yerda.

Jarroh Shukur Sardor yuzlab odamlarning hayotini saqlab qolgan.

“Bu kasalxonaning afg’onlar uchun ahamiyatini tasvirlash qiyin. Bunaqangi tibbiy xizmatni boshqa joyda topolmaysiz chunki. Afg’onistonning boshqa shahar, qishloqlarida bo’ldim, Kobulni ancha kezdim, lekin bu singari shifoxonalar yo’q hisob”, - deydi xirurg.

Malang ismli mana bu afg’on mashinada ketayotib otishmada qattiq yaralangan.

“Qonga belanib, o’laman deb o’ylagan edim. Yaxshiyam shu shifoxonaga olib kelishdi”, -deydi u.

Xalqaro qo’shinlar ketib, xavfsizlikni mahalliy armiya o’z qo’liga olayapti. Bu esa kasalxonada ish yanada qaynaydi, degani.