Harbiylar: Daish Afg'onistonda faoliyatini kengaytirgani yo'q

  • Amerika Ovozi

Jalolobodda hibsga olingan "Islomiy davlat" a'zolari, 9-may, 2016

Afg'oniston mulozimlari va xorijiy harbiy qo'mondonlarning aytishicha, "Islomiy davlat" (Daish) to'dasi bu mamlakatda faoliyatini kengaytirayapti degan xavotirlarga o'rin yo'q.

Guruhning mahalliy yetakchisi yaqinda AQSh havo hujumida o'ldirildi. Afg'on armiyasi o'tkazayotgan amaliyotlar "Islomiy davlat"ni sharqdagi Nangarhor va Kunar viloyatlariga bog'lab qo'ygan. Bu hududlar Pokiston bilan chegaradosh.

Har ikki hukumat jangarilar 2600 kilometrli umumiy chegara bo'ylab erkin harakatlanishini aytib keladi. Pokiston so'nggi payt o'rtada yangi to'siqlar qurishga kirishdi, ammo tog'li bu hududni to'la nazorat etishning imkoni yo'q.

Daish a'zolari Nangarhorning olis Achin tumaniga 2015-yilda kirib, Afg'oniston, Pokiston va Eronning bir qismini "Xuroson viloyati islomiy davlati" deb e'lon qilgan edi. Hafiz Said Xon mahalliy qo'mondon etib tayinlangan o'shanda.

Yaqinda Afg'oniston janubidagi Zabul viloyati aholisi ikki beqaror tumanda - Xoke Afg'on va Deh Chopanda - ekstremistlar paydo bo'lganini aytgan. Viloyat kengashi raisi Atta Muammad Haqbayonga ko'ra, "Islomiy davlat"ning bu yerda mashq maydonlari bor. Hukumatga bu haqda xabar berganmiz, deydi u, lekin chora ko'rilmayapti.

AQSh va NATO kuchlarining Afg'onistondagi so'zlovchisi general Charlz Klivlend bu xabarlarni tasdiqlamadi. Afg'onistonning Islomoboddagi elchisi Hazrat Umar Zahilval ham Daish faqatgina Nangarhorda bazalariga ega.

Xon yo'q qilindi

Pentagon ma'lumotiga ko'ra, "Islomiy davlat"ning mahalliy rahbari Hafiz Said Xon 26-iyul kuni dron hujumida halok bo'lgan. Nangarhordagi hujumda uning qatorida yana 30 jangari yo'q qilingan.

AQSh harbiylari yaqinda Daishning Afg'onistondagi bo'limi hamda Suriya va Iroqdagi guruh o'rtasida aloqa borligini tasdiqlagan edi.

"Ularning yetakchisi o'ldirilgani guruhga qattiq zarba bo'ldi", - deydi elchi Hazrat Umar Zahilval.

Daish a'zolarining 70 foizi Pokiston Toliboni safidan chiqqan odamlar. Ular ikki yil ilgari Pokiston Afg'oniston bilan chegaradosh qabilaviy hududlarda harbiy amaliyotlar o'tkazganda qo'shni davlatga qochgan edi.

Nazoratsiz chegara

Kobul rasmiylari da'vosiga ko'ra, "Islomiy davlat" o'z jangchilari va qurollarini Pokistondan olib kelmoqda.

"Agar guruh Pokistonda qo'nim topsa, mintaqada terrorchilik faoliyati hali uzoq vaqt davom etadi", - deydi Afg'oniston hukumatining xavfsizlik bo'yicha maslahatchisi Hanif Atmar.

AQSh harbiylari yil boshida Afg'onistondagi Daish a'zolari soni taxminan uch ming degan edi. Dron hujumlarida ularning yuzlab nafari o'lgan. Qolganlari Nangarhorning ikki tumanida yashiringan.