Afg'oniston o'zbeklari lotin yozuvi tarafdori

Juzjon universiteti o'zbek tili o'qituvchisi Nurullo Oltoy

O’zbekistonda kirill alifbosini qayta rasmiylashtirish bo’yicha yozilgan ochiq xat jahonning to’rt tamoniga tarqalgan o’zbeklar, ayniqsa, yoshlarning jiddiy e’tiroziga duch keldi. Jumladan, Afg’oniston o’zbeklari, o’zbek tili va adabiyotini o’qiyotgan yoshlar O’zbekistonning lotin alifbosida qolishi tarafdori.

Ziyolilar nazarida agar O’zbekiston kirillga qaytsa, Afg’oniston o’zbeklari bilan ta’minlangan ijtimoiy aloqaga putur yetishi mumkin. Chunki bugun Afg’oniston o’zbeklari lotin harflari orqali o’zbekistonliklar bilan ijtimoiy tarmoqlarda aloqada.

“Amerika Ovozi” afg’onistonlik o’zbeklar fikrini o’rganish uchun Juzjon universitetidagi mutaxassislar va talabalar bilan muloqotda bo’ldi.

Juzjon universitetining ijtimoiy bilimlar fakulteti raisi, tilshunos Nurullo Oltoy fikricha, kirill yozuviga qaytish O’zbekiston yoshlari uchun ham, dunyo o’zbeklari uchun katta ziyon.

“ Yoshlar kelajagini o’ylash kerak”,- deydi o’zbek tilshunosi.

Your browser doesn’t support HTML5

Afg'onistonlik Nurullo Oltoy lotin yozuvi haqida

“Agar biz Afg’oniston o’zbeklarini nazarda tutadigan bo’lsak, rus xalqi va alifbosi biz uchun mutlaq yot hisoblanadi. Biz (Afg’oniston o’zbeklari) uchun lotin yozuvida qolish o’ta muhim. Bizning yoshlar lotin alifbosini puxta biladi, tushunadilar. Afg’oniston o’zbeklari o’zbek tilini lotinda bemalol o’qiyaptilar, kirill bilan tanish emas, shu sababl aloqani ancha qiyinlashtiradi”,- deydi tilshunos Nurullo Oltoy.

Tilshunos nazarida O’zbekiston faqat kirilldan emas, ayni holda ruscha talaffuzini ham tark etishi kerak. Ruscha talaffuzlar o’zbek tilini o’rganish jarayonini qiyinlashtirgan.

Afg’onistonlik yoshlar ham tashvishda.

“Biz, talabalar internet orqali O’zbekiston saytlariga kirib lotin alifbosidagi ma’lumotlardan foydalanamiz. Kirillga qaytilsa, manbalar yo’qoladi”, - deya xavotir bildiradi O’ronus Habib ismli talaba.

Afg’onistondagi yoshlar universitetlarda lotin yozuvi qoidalarini o’rganishadi. Ilmiy ishlarida O’zbekistonda yaratilgan adabiyotlardan foydalanmoqdalar.

“Kirillni umuman tushunmaymiz. Kirillda yozilgan maqolalardan foydanala olmaymiz. Biz uchun eng muhimi va yaxshisi lotin yozuvi”, - deydi Bismillah Sidiqyor nomli talaba.

Your browser doesn’t support HTML5

Afg'onistonlik Bismillah Sidiqyor lotin yozuvi haqida

Yoshlar O’zbekiston hukumatidan hamda alifbo bo’yicha olimlardan lotin yozuvini qo’llab-quvatlashlarini so’raydi.

“Lotin yozuvini o’rganish juda oson, ko’pchilik tushunadi”,- deydi Sayyid Zabur Ismli talaba.

Your browser doesn’t support HTML5

Afg'onistonlik Sayyid Zabur lotin yozuvi haqida

Mutaxassislar ayni paytda hozirda foydalanilgan lotin alifbosidagi kamchiliklarni isloh qilish tarafdori.