Afg'oniston janubida Tolibon 27 yo'lovchini o'g'irlab ketgan. Isyonkor guruh so'nggi paytlarda tez-tez odam o'g'irlash amaliyotiga qo'l urmoqda.
So'nggi voqea Hilmand viloyatida ro'y berdi. Bu yerda Afg'oniston xavfsizlik kuchlari va Tolibon o'rtasida to'qnashuvlar davom etmoqda.
Qurollangan shaxslar 14 avtomobilni, xususan, avtobuslarni to'xtatib, o'nlab odamni o'g'irlab ketgan.
Viloyat transport bo'limi rahbari Abdul Gafur Toxining aytishicha, qo'lga olinganlarning aksariyati keyinchalik qo'yib yuborilgan. Ayni paytda Tolibon qo'lida qolayotgan odamlar sonining qancha ekani ma'lum emas.
Tolibon hodisa uchun mas'uliyatni o'z zimmasiga oldi. Guruh so'zlovchisining aytishicha, hukumatga yoki xavfsizlik kuchlariga aloqasi yo'q odamlar qo'yib yuborilgan, lekin rejim uchun ishlashi aniqlangan 27 odam hanuz hibsda.
"Agar bu shaxslar bosqinchi kuchlar yoki qul qilib olingan rejim tomonidan amalga oshirilgan harbiy amaliyotlarda ishtirok etgani aniqlansa, bu ishlari uchun javobgarlikka tortiladi", - deydi guruh so'zlovchisi.
Shu oyning o'zida Tolibon uchinchi marta ommaviy odam o'g'irlashi. Iyun boshida isyonchilar Qunduz viloyatida 200 dan ziyod odamni olib ketgan edi. Qo'lga olinganlarning aksariyati ozod qilingan, lekin o'ndan ortig'i o'ldirilgan. Ayrimlari hanuz qo'yib yuborilmagan.
Shunga o'xshash yana bir hodisada Tolibon mamlakat shimolida 17 yo'lovchini o'g'irladi. Mahalliy oqsoqollar aralashishi tufayli ular keyinroq ozod qilingan.
Kobul politsiyasi yaqinda xorijliklarni himoyalangan zonalardan tashqarida qo'riqchi bilan yurishga undagan. Poytaxtda odam o'g'irlash va jinoiy tahdid xavfi jiddiy, deyiladi bayonotda.
Shu oy boshida Kobul markazida hindistonlik 40 yashar fuqaro o'g'irlab ketilgan edi. Uning qayerda ekani hanuz noma'lum va bu ish uchun hech kim mas'uliyatni zimmasiga olmagan.
20-iyun kuni esa poytaxtda, asosan, Nepal fuqarolarini olib ketayotgan avtobusga hujum uyushtirildi. Xudkush bombachi amalga oshirgan portlashda 14 kishi halok bo'ldi.