Afg'onistonda matbuotga doir qonun loyihasi tanqid ostida

  • Amerika Ovozi

Afg'oniston prezidenti Hamid Karzay matbuot anjumani paytida, Kobul, 12-iyun, 2012-yil.

Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi Human Rights Watch tashkiloti Afg’oniston hukumatidan matbuotga doir so’nggi qonun loyihasidan voz kechishni so'ramoqda.

Guruh nazarida hujjat matbuot ustidan nazoratni kuchaytirib, so’z erkinligini cheklaydi. Loyihaning, xususan, matbuotga doir ishlarni ko’ruvchi maxsus prokuror tayinlanishi va jurnalistlar faoliyatini nazorat etuvchi komissiya tuzilishiga doir bandlari tanqid ostida. Hujjat Afg’onistonda xorijiy efirni ham cheklashi aytilmoqda.

"Bu prezident Hamid Karzayning so’z erkinligini ta’minlashga doir va’dalariga xilofdir", deyiladi Human Rights Watch bayonotida.

Unda aytilishicha, matbuot erkinligi Afg’oniston so’nggi 10 yilda qo’lga kiritgan muhim yutuqlardan biri va uni asrash kerak.

O’tgan hafta Kobulda o’tkazilgan anjumanda 100 ga yaqin jurnalist va matbuot tashkilotlari qonun loyihasini muhokama qilib, hukumat uchun taklif va tavsiyalarini tayyorlagan.

Axborot va madaniyat vazirligi bayonotiga ko’ra, hujjat haqidagi xavotirlar asossiz. Afg’oniston matbuot erkinligi borasida “Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti tuzgan jadvalda 179 davlat orasida 150-o’rinni egallamoqda.

Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi esa rasmiy Kobulni jurnalistlar qotillarini javobgarlikka tortmayotganlikda ayblab, hisobot chiqargan..