Afg’onistonning Balx viloyatida yangi politsiya boshlig’i tayinlanar ekan, markaziy hukumatning bu qaroriga sobiq hokim Ato Muhammad Nur qarshilik bildirdi.
“Islomiy Jamiyat” partiyasining ijrochi raisi Ato Muhammad Nur uzoq yillar Balx hokimi bo'lgan, shu kungacha markaziy hukumatga bo’ysunmay keladi. U o’tgan yili prezident tomonidan lavozimidan bo’shatilgan edi.
“Hukumat bilan imzolangan kelishuvda bu viloyatda yangi odamlar tayinlanishi xususida men bilan maslahatlashish zarurligi qayd qilingan”, - deya urg’ulaydi u.
General Nur Balxda politsiya rahbari o’zgarishi markaziy hukumat o’ylab topgan fitna ekanini iddao qiladi.
“Har qanday chora ko’rish uchun tayyormiz”, - deydi u.
Ichki ishlar vazirligi Balxga maxsus harbiylarni safarbar etgan. Yangi qo’mondan Abdulraqib Muboriz havo kuchlari orqali himoyalangan holda politsiya binosiga borib, ishini boshlagan.
Viloyat markazi Mozori Sharif shahri bugun harbiylarga to’la bo’lgan, davlat idoralari, xususiy tashkilotlar, hatto do’konlar yopiq edi.
Ato Muhammad Nur tarafdorlari va hukumat kuchlari o’rtasida otishma ro’y bergan. Qariyb 20 odam yaralangan, bir necha kishi qo’lga olingan.
Balx viloyatining politsiya boshlig’i etib tayingan Abdulraqib Muborizga ko'ra, shahar tinchini buzishga hech kimning haqqi yo'q.
Ichki ishlar vaziri Mas’ud Andarobiy hukumat qarori vaziyatni yaxshilash uchun qilinganini bildiradi.
Balxning bir necha tumanlarida notinchlik oshib borayotganini tilga olgan vazir rasmiylarning o’zgartirilishi oddiy hol ekanini ta’kidlamoqda.
General Ato Muhammad Nurning ittifoqchisi, prezidentlikka nomzod Hanif Atmar prezident Ashraf G’anini ittifoqni buzayotganlikda aybladi. Lekin Ichki ishlar vaziri nizo ortida siyosiy maqsad yo’qligini aytadi.
O’zbekiston bilan chegaradosh Balx viloyati Afg’oniston shimolidagi tinch viloyatlardan sanaladi. Mozori Sharif shahrida bunday hodisalar ro’y berishi aholining jiddiy tashvishiga sabab bo’ladi.