Rossiya shu hafta Afg'oniston tinchligini muhokama qilish uchun mintaqa davlatlari ishtirokida xalqaro anjuman o'tkazadi. Qo'shma Shtatlar, Yevropa Ittifoqi va NATO unda qatnashmayapti.
Moskva dekabr oyida ham Afg'oniston yuzasidan konferensiyaga mezbonlik qilgan. Unga faqatgina Xitoy va Pokiston taklif etilgani Kobulda norozilik uyg'otgan edi.
Bu safargi anjumanda Afg'oniston, Hindiston, Eron, Pokiston va Xitoydan diplomatlar bo'ladi, ammo G'arbdan hech kim yo'q. Tahlilchilar fikricha, bunga Rossiya va Qo'shma Shtatlar orasidagi ziddiyatlar sabab bo'lishi mumkin.
Yaqinda AQSh Senatida o'tgan majlisda senator Jon Makkeyn Rossiyani g'arazli maqsadda Tolibonni qo'llab-quvvatlayotganlikda ayblagan edi.
Ammo ayrimlar nazarida Afg'oniston bo'yicha konferensiya o'tkazilayotgani ijobiy qadam.
"Afg'onistonda manfaatga ega mintaqaviy davlatlarning barchasi qatnashyapti. Terrorizm global fenomen, mintaqa hukumatlari faolroq bo'lishi darkor", - deydi Islomoboddagi strategik tadqiqotlar institutidan Amina Xon.
Rossiyaning asosiy e'tibori Afg'oniston sharqida, "Islomiy davlat" ekstremistlar to'dasi u yerda o'rnashib olgan. Moskva bu guruh ta'siri Kavkaz tomon yoyilishini istamaydi.
Afg'onistonning AQShdagi sobiq elchisi Umar Samad Moskva anjumanidan ko'p narsa kutmayapti.
"Konferensiya ilk bor kengroq davrada o'tadi, yana uch davlat taklif etilgan. Ular bir-biriga quloq tutib, bir yoqadan bosh chiqarishi uchun vaqt kerak. Majlisdan jiddiy bir natija kutmaslik kerak", - deydi sobiq elchi.
Afg'onistonga tinchlik olib kelish bo'yicha ilgarigi sa'y-harakatlar Pokiston va Afg'oniston orasidagi ishonchsizlik va ziddiyatlar sabab natija bermagan. Rossiya va Xitoy bu ikki davlatni birga ishlashga ko'ndira oladimi? Ko'p narsa shunga bog'liq, deydi mutaxassislar.