Bir necha yil oldin Kobul ko’chalarida mototsikl haydagan qizlarni tasavvur qilib bo’lmasdi. 16 yashar Negin Afshar u davrda hatto yashamagan. Motokrossga mehr qo’ygan o’smir nafaqat tekis ko’chalarda, balki loyli tepaliklar uzra ham yurishni yaxshi ko’radi.
Your browser doesn’t support HTML5
2001-yilda AQSh hujumlari natijasida hokimiyatdan ag’darilgan Tolibon bugun yana hokimiyatni qo’lga olishga harakat qilmoqda. Ba’zilar shunday bo’lgan taqdirda ayollarning sport va boshqa sohalardagi faoliyati yana cheklanishini xavotir bilan tilga olmoqda.
Motokross sporti Afg’onistonda 10 yil oldin paydo bo’ldi. Negin ayollarni ruhlantirmoqchi, ilhomlantirmoqchi ekanini aytadi.
“Ayollar ham sportning bunday qiyin turi bilan shug’ullana olishini ko’rsatmoqchiman xotin-qizlarimizga”, - deydi u.
Qo’shma Shtatlar Tolibon bilan fevral oyida kelishuv imzolab, bitimga ko’ra qo’shinlarini mamlakatdan olib chiqa boshlagan, jangarilarni Afg’oniston hukumati bilan ham muloqotga chorlamoqda.
“Tolibonga ayollar huquqlari va erkinliklariga g’ov bo’lmasliklarini uqtirish zarur. Agar huquqlarimizni poymol etishga harakat qilishsa, qarshilik ko’rsatamiz, kurashamiz”, - deydi o’smir.
Neginning ota-onasi uning motokross bilan shug’ullanishiga qarshi emas. 32 yashar onasi Frishta Afshar Afg’oniston motosport federatsiyasida ayollar qo’mitasini boshqaradi.
“Ba’zi odamlar bu mashg’ulotga salbiy ko’z bilan qaraydi, ammo qo’llab-quvvatlayotganlar ham bor”, - deydi ona.
Mamlakatda 600 ga yaqin motosportchi ro’yxatdan o’tgan. Shulardan 200 nafari poytaxt Kobulda bo’lsa, 10 tasi ayol. Ular haftasiga ikki marta mashq qiladi, xalqaro musobaqalarda ishtirok etishga umid qilmoqda. Ammo koronavirus pandemiyasi sabab musobaqalar vaqtincha to’xtatilgan.
("Reyter" axborot agentligi tayyorlagan material)