Afg'onistonning yangi parlamenti ish boshladi

Afg’onistonda 2018-yilning oktabrida saylangan yangi parlament ish boshladi. Ochilish marosimida qatnashgan Prezident Muhammad Ashraf G’ani saylovda ro’y bergan kamchiliklarni yodga oldi, mustaqil saylov komissiyasining sobiq a’zolarini tanqid qildi.

Tolibon bilan muzokaralar haqida to’xtalib, prezident deputatlar tasdig’idan o’tmagan bitim imzolanmasligini bildirdi.

“Sulh - birinchi istagimiz. Biz sulh bo’yicha hukumat rejasini tuzib taqdim etganmiz, natijasini kutayapmiz”, - deydi G’ani.

Prezident ta’biricha Afg’onistonda tinchlik ta’minlanishi xalqning birligi, birdamligi bilan bog’liq. U Tolibon Kobulga qaytgani bilan “Islomiy Amirlik” tashkil etilishi mumkin emasligiga ishora qildi.

“Respublika tuzumi davom etadi. Qonunni sababsiz o’zgartirish, hukumatni to’ntarish asrida emasmiz”, - deydi prezident.

Ashraf G’anining prezidentlik vakolati 22-may kuni tugar ekan, Oliy sud unga kelasi saylovgacha lavozimida qolishga ruxsat bergan.

“Kelasi prezident saylovi o’tkazilgunga qadar davlat rahbariman. Zimmamda og’ir mas’uliyat bor”, - deya ta’kidladi Ashraf G’ani.

Uning turli tadbirlarda qatnashayotganini saylov targ’iboti deb ko’rayotgan nomzodlarga G’ani javob qaytardi.

“Xalqning g’amgin va quvonchli kunlarida ishtirok etish kampaniya emas, bu mening vazifam” - dedi u.

G’ani “xalq sizni kutib turibdi”, deya yangi deputatlardan umid katta ekaniga urg’u berdi. Bu safargi deputatlar orasida yosh qonunchilar talaygina. Bu esa xalqni umidvor qilmoqda.