Obama Ashraf G'ani va Abdulla Abdullani o'ylab ish qilishga chaqirdi

  • Amerika Ovozi

Afg'onistonda prezidentlikka nomzod Abdulla Abdulla tarafdorlari oldida so'zlamoqda, Kobul, 8-iyul, 2014-yil

AQSh rahbari Barak Obama Afg’onistonda prezidentlikka da’vogar ikki nomzodga qo’ng’iroq qilib, saylov bo’yicha tushgan shikoyatlar ko’rib chiqilmaguncha ehtiroslarga berilmaslikka chaqirgan.

“Saylov natijalari bo’yicha bahs va munozaralar zo’ravonlik va g’ayriqonuniy harakatlarga olib kelsa, AQShning Afg’onistonga yordami to’xtashi mumkin” deya ogohlantirdi ularni Obama.

AQSh davlat kotibi Jon Kerri juma kuni Kobulda bo’lib, nomzodlar bilan muloqot qiladi.

Mustaqil saylov komissiyasi hafta boshida dastlabki natijalarni e’lon qildi. Unga ko’ra, Ashraf G’ani 13 foiz ko’p ovoz olgan. Biroq Abdulla Abdulla jarayonda soxtalashtirish hollari yuz bergan deb, saylov natijalarini tan olmoqchi emas va o’zini g’olib deb e’lon qilmoqda.

“Soxta hukumatni tan olmaymiz”, - dedi Abdulla.

Uning safdoshi, vitse-prezidentlikka nomzod Hoji Muhammad Muhaqqaq agar shikoyatlar ko’rib chiqilmasa, parallel hukumat tuziladi deya do’q-po’pisa qilmoqda.

Abdulla Kerri bilan gaplashgandan so’ng bir qarorga kelishini ma’lum qildi.

AQShning Afg’oniston bo’yicha maxsus vakili Jeyms Dobbinsning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, saylov natijalarini e’lon qilishga shoshmaslik kerak edi.

"Komissiya har ikki tomondan tushgan jiddiy shikoyatlarni taftish qilishi haqida indamaganidan afsusdamiz. Oldin taftishga kelishilib, so’ng natijalar e’lon qilinsa yaxshi bo’lardi. Hali yana bir necha million byulletenlarni diqqat bilan tekshirib chiqish kerak edi. Shuncha bitmagan ish turganda natijalarni e’lon qilishdan maqsad nima edi", - deydi AQSh rasmiysi.

Kerrining ogohlantirishicha, agar Abdulla hokimiyatni qonunga xilof yo’l bilan olishga harakat qilsa, Afg’oniston AQSh va xalqaro hamjamiyatning moliyaviy va xavfsizlik bobidagi madadidan ayrilishi mumkin.