Pokiston va Afg'oniston rahbarlari chorshanba kuni Islomobodda bo'ladigan afg'on tinchlik jarayoniga bag'ishlangan beshinchi mintaqaviy anjumanga raislik qiladi. Tashqi ishlar vazirlari darajasida o'tadigan "Osiyo yuragi/Istanbul jarayoni" yig'inida mintaqada terrorga qarshi kurashda hamkorlikni oshirish, samarali siyosiy muloqotni yo'lga qo'yish, Afg'onistonda iqtisodiy hamkorlik masalalari muhokama qilinadi.
Tolibon mamlakatda kuchayar ekan, Kobul qo'shni Pokistonni harakatni pinhona qo'llab-quvvatlayotganlikda ayblab keladi. Pokiston Bosh vaziri Navoz Sharif va Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani uchrashuvi o'rtadagi ishonchsizlikni bartaraf etishga ham qaratilgan. Ikki rahbar Kobul va Tolibon o'rtasida to'xtab qolgan muzokaralarni jonlantirish xususida ham gaplashadi.
Anjumanda AQSh va Xitoy rasmiylari ham qatnashadi. AQShning Afg'oniston va Pokiston bo'yicha maxsus vakili Richard Olsonning aytishicha, Qo'shma Shtatlar qo'shni ikki mamlakatni aloqalarini yaxshilashga chaqiradi.
“Mintaqa barqarorligi juda muhim. Anjuman regional integratsiyani kuchaytirishga va bu o'z navbatida tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashga, iqtisodiy o'sishni yuksaltirishga yordam beradi. Afg'oniston mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishda yetakchi rol o'ynash imkoniyatiga ega, ayniqsa terrorga qarshi kurash bobida”, - deydi AQSh rasmiysi.