Afg’onistonda parlament saylovlari 20-oktabrga belgilandi

Afg’onistonda uch yildan beri kechikayotgan parlament saylovlari 20-oktabrga belgilandi. Mustaqil saylov komissiyasining bildirishicha, tadbirni o’tkazish uchun tayyorgarlik ketmoqda. Avvalroq saylovni 7-iyulda o’tkazish mo’ljallangan edi.

Komissiya raisi o’rinbosari Vasima Bodg’isiyning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, parlament saylovlarini 20-oktabrda o’tkazish uchun tayyorgarlik avjida. “To’liq ma’lumot keyinroq ommaga yetkazib beriladi”, deydi u.

Fuqarolarni ovoz berish hujjatlari bilan ta’minlash ishlari 14-apreldan boshlanadi.

Qonunchilar palatasi mustaqil saylov komissiyasining ushbu qarorini tanqid qilib, rasmiylarni parlamentga chaqirtirgan. Komissiya rasmiylari esa “qonunchilarga javob berishga majbur va mas’ul emasmiz”, deya xat yo’llagan.

Qonunchilar palatasi raisi Abdul Rauf Ibrohimiy saylov komissiyasida parlament saylovlarini o’tkazish uchun iroda yo’q, deya iddao qilmoqda. Unga ko’ra, komissiya xalq vakillari va ommaga saylov uchun ko’rilayotgan barcha tayyorgarlik, muammo va yechimlar to’g’risida ma’lumot tarqatishi kerak.

“Saylov komissiyasi rasmiylarining vakillar palatasiga kelmagani qonunga zid”, - deydi Ibrohimiy. Parlament bu ishni qoralaydi.

Saylov komissiyasi oldida muammolar talay. Hukumat, siyosiy guruhlar, qurolli muxolifatni ko’ndirish oson kechmasa kerak. Saylov ishida aralashuv, soxtakorlik va xavfsizlik muammolari asosiy omillar.

Saylovning o’z vaqtida o’tkazilmayotgani sababli qonunchilarning besh yillik ish muddati sakkiz yilga cho’zilib ketdi. Prezident Ashraf G’ani va xalqaro donorlar saylov joriy yilda o’tkazilishi zarur, deb kelmoqda. 2019-yilda Afg’onistonda prezidentlik saylovlari ham o’tkazilishi kerak.

Tolibon hokimiyati qulaganidan keyin mamlakatda parlament saylovlari ikki marotaba - 2005 va 2010-yillarda o’tkazilgan edi.