Tolibon Afg'onistonda saylovlarni izdan chiqarmoqchi

  • Amerika Ovozi

Afg'onistonda saylov kampaniyasi avjida, Kobul, 10-mart, 2014-yil

Tolibon Afg’onistonda aholini 5-aprelga belgilangan saylovda qatnashmaslikka, jangarilarni esa jarayonga mone bo’lishga da’vat etmoqda.

Bu yil Afg’onistonda yangi prezident saylanadi. Hamid Karzay qatorasiga uchinchi bor prezident bo’la olmaydi. Jarayon xavfsizligini ta’minlash hozirda eng dolzarb vazifa. Tolibon do’q-po’pisalar bilan uni izdan chiqarishga intilmoqda.

Harakat bayonotida saylov Amerikaning fitnasi sifatida keltiriladi.

“Agar hayotingizni xavf ostiga qo’yishni istamasangiz, saylov kuni ko’chaga chiqmang” deyiladi unda aholiga qarata.

Toliblar 5-aprel kuni saylov komissiyasi va uchastkalari xodimlari, faollar, ko’ngillilar va xavfsizlik xodimlariga hujum qilishi aytilmoqda.

Saylovlarni o’rganuvchi tashkilot rahbari Jandad Spingxarning aytishicha, do’q-po’pisalar ayrim saylovchilarni cho’chitishi aniq.

"Hukumat xavfsizlikni ta’minlash uchun jiddiy chora ko’rmasa, odamlarni tinchitmasa bo’lmaydi endi. Tolibon bayonoti aholi ko’ngliga g’ulg’ula soldi axir", - deydi ekspert.

2009-yil saylovlarida o’nlab odam zo’ravonliklarda nobud bo’lgan edi.

Saylov kampaniyasi avjida ekan, ayrim nomzodlar va mustaqil kuzatuvchilar Karzay ma’muriyatini jarayonga aralashayotganlikda ayblamoqda.

Jandad Spingxar uning tashkiloti ham shunday holatlarga guvoh bo’lganini aytadi.

"Ayrim mutasaddilar qonunga xilof holda tashviqot ishlarida, tadbirlarda qatnashib, kimni qo’llab-quvvatlashini matbuot orqali bildirgan. Shuningdek, ayrim nomzodlar foydasiga davlat avtomobillari va mulki foydalangan", - deydi u.

Prezident Karzay qaysi nomzod tomonida ekanini hozircha e’lon qilmagan. Jarayonda betaraf bo’lishini aytgan.

O’tgan hafta prezidentlikka da’vogarlardan biri, davlat rahbarining akasi Qayum Karzay poygadan chiqishini va sobiq tashqi ishlar vaziri Zalmay Rasul nomzodini qo’llab-quvvatlashini bildirgan. Kuzatuvchilarga ko’ra, ana shundan prezident kim tomonida ekanini bilsa bo’ladi.

Kecha Afg’onistonda birinchi vitse-prezident, feldmarshal Muhammad Qosim Fahim 57 yoshdan vafot etdi. Fahim prezident Hamid Karzayning ikki o’rinbosaridan biri edi. Uning o’z ajali bilan olamdan o’tgani aytilmoqda.

Mamlakatda uch kunlik motam e’lon qilingan. Fahim bir paytlar Tolibonga qarshi kurashgan Shimoliy Alyans kuchlarining yetakchi qo’mondoni bo’lgan.