"Human Rights Watch" BMTni Afg'onistonda Tolibon qotilliklarini tergov qilishga chaqiryapti

  • Amerika Ovozi

Inson huquqlari himoyasi bilan shug’ullanuvchi “Human Rights Watch” tashkilotining bildirishicha, Tolibon avgust oyida Afg’onistonda hokimiyatni qo’lga olishi ketidan milliy xavfsizlik kuchlarining yuzlab sobiq xodimi sudsiz qatl etilgan yoki g’oyib bo’lgan.

“Ilgari Tolibonga qarshi kurashgan odamlar nishonga olingan. Biz ko’p holatlarni tergov qildik va bu odamlarning Tolibonga ma’lum bo’lganini, ularning jangarilar bilan jang qilganini aniqladik”, - deydi tashkilot vakilasi Patritsiya Gossman.

“Human Rights Watch” G’azni, Hilmand, Qandahor va Qunduz viloyatlarida guvohlar, toliblar va qurbonlar oila a’zolari bilan suhbatlar asosida dalil to’plaganini ma’lum qildi. Surishtiruvlar to’rt viloyatda o’tkazilgan, biroq guruh hujumlar mamlakat bo’ylab amalga oshirilganini da’vo qilarkan, Tolibonning umumiy amnistiya e’lon qilish, o’ch olmaslik haqidagi va’da-bayonotlariga qaramay, yuzlab odam o’ldirilganidan va g’oyib bo’lganidan xavotir bildirdi.

“Tolibonning yuqori lavozimli rasmiylari Kobuldan turib amnistiya e’lon qilgan. Biroq amalda amnistiya hammaga nisbatan ham qo’llanmaganiga guvohmiz. Ular shaxsiy xusumat va adovat asosida yoki qurbonlarning tutgan o’rniga qarab ataylab nishonga olishgan”, - deydi Gossman.

Tadqiqotchilar nazarida, Tolibon sobiq hukumat qoldirib ketgan mehnat daftarchalaridan foydalanib odamlarni topgan, hibsga olgan va o’limga mahkum etgan.

“Ilk haftalarda shosha-pisha, balki qasos olish maqsadida sodir etilgan qotilliklar endilikda qasddan amalga oshirilayotganga o’xshaydi. Amaliyot boshqa viloyatlarga ham tarqalgan va nazarimda, Tolibonga qarshi har qanday muxolif kuchlarning vujudga kelishiga barham beruvchi strategiyaning bir qismi sifatida ko’rinyapti”, - deydi Gossman.

Tolibon mansabini suiiste’mol qilganlar lavozimidan chetlatilganini aytgani bilan buni isbotlovchi dalil taqdim etgani yo’q.

O’tgan shanba kuni Tolibon hukumatining muvaqqat bosh vaziri Mulla Muhammad Hasan Oxund sobiq rasmiylarni ig’volarda aybladi.

“Xalq, ogoh bo’ling. Eski hukumatda ishlaganlar yashiringan joyidan turli gaplarni tarqatib, vahima solyapti, odamlar hukumatga ishonmasin deb ularni yo’ldan uryapti”, - dedi Mulla Oxund.

“Human Rights Watch” BMTni Tolibon sodir etayotgan qonunbuzarliklarni taftish qilishga chaqirmoqda.

AQSh, Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg’armasi Afg’oniston Markaziy bankining 9,5 milliard dollar pulini muzlatib, Tolibon hokimiyatga kelganidan keyin mamlakatga naqd pul ham yubormay qo’ygan.

Gumanitar tashkilotlar Afg’oniston gumanitar inqiroz yoqasida ekani haqida ogohlantirar ekan, millionlab odam ishsiz yoki maoshsiz ekanini, asosiy xizmatlar tizimi yemirilish xavfi bilan yuzlashayotganini, ko’p afg’onlar uyini tashlab chiqishga majbur bo’lganini ma’lum qiladi.