Mulla Mansur - Afg'onistondagi toliblarning yangi rahbari

  • Amerika Ovozi

Tolibon

Afg'onistondagi toliblar bugun, juma kuni Mulla Axtar Mansurni yangi rahbar etib tanlagan. Guruhning asoschisi Mulla Umar og'ir xastalikdan o'lgani haqidagi xabarlar ketidan qabul qilingan qaror bu.

Yangi rahbar Mulla Mansur avval Mulla Umarning qo'lida ishlagan va toliblarning siyosiy hamda harbiy ishlariga bosh bo'lgan.

Mavlono Haybatulla Oxunzoda va Mavlono Sirojiddin Haqqoniy uning yordamchilari etib tayinlangan.

Sirojiddin Haqqoniy uzoq yillar toliblarning ittifoqchisi - Haqqoniy guruhini boshqarib keladi va tuzilma Pokistonning Shimoliy Vaziriston mintaqasida o'rnashib olgan. Guruh Afg'onistondagi koalitsiya va hukumatga uyushtirilgan qator xurujlar ortida turgani ma'lum.

Mavlono Haybatulla Oxunzoda esa Afg'onistonda toliblarning adliya tizimiga ko'z-quloq bo'lgan.

Garchi Tolibon Mulla Mansurni yangi rahbar deya e'lon qilgan bo'lsa-da, Mulla Umarning katta o'g'li Mulla Yoqub bu lavozimga hanuz da'vo qilayotgani aytiladi.

Mulla Umarning o'limi haqidagi xabar ortidan Pokiston, rasmiy Kobul va toliblar o'rtasida tinchlik muzokaralari kechiktirilgan. Qo'shma Shtatlar esa bu imkoniyatdan foydalanib, Mulla Mansurni Kobul bilan murosa qilishga chaqirayapti. Amerikaning Afg'onistonda tinchlik yo'lida ishlayotgan bosh diplomati Daniel Feldman taraflar jarayonni kechiktirish bilan cheklanmay, tinchlik sari qadam tashlaydi, degan umidda.

Feldmanning Kobulda jurnalistlar bilan uchrashuvda aytishicha, Amerika Mulla Umarning o'limi haqida yaqinda xabar topdi. Tolibonning yangi rahbariyati tinchlik muzokaralari borasida qanday fikrda ekanini hali aytish qiyin, lekin Vashington hanuz umidvor, deydi diplomat.

Tolibon asoschisi qachon vafot etganini toliblar aytmayapti, lekin Afg'oniston hukumatining bildirishicha, u ikki yil oldin Karachidagi kasalxonada o'lgan.

Mulla 2001-yilda Amerika qo'shinlari Afg'onistonga bostirib kirganida Tolibonni boshqargan edi.

Feldmanning aytishicha, Afg'oniston hukumati muzokarani muntazam va qat'iy davom ettira olsa, notinch bu davlat nihoyat barqarorlik va farovonlikka yuz tutishi mumkin.

Tolibon rahbari Mulla Umar og'ir xastalikdan keyin ikki yil oldin Karachida o'lgan.