Breaking News

Toliblarning sobiq qarorgohida bugun ayollar faol


Politsiya saflarida ayollar ham bor. Qandahor. 2013-yil sentabr.
Politsiya saflarida ayollar ham bor. Qandahor. 2013-yil sentabr.
Afg’onistondagi tarang ahvolga qaramay, so’nggi yilda Qandahor viloyatida ishlaydigan ayollar soni ancha ko’paydi.
Viloyat davlat idoralarida 1150 ayol bor, aksariyati – o’qituvchilar. Hokimiyat rasmiysi Javad Faysalning bildirishicha, bir yil avval bu raqam 900 ga teng edi.

Ham ma’lumotli, ham ma’lumoti bo’lmagan ayollar ishlashni xohlaydi, deydi Faysal.

“Savodi bo’lmagan 600 ayol bizga ish topib bering deb murojaat qildi. Endi hokimiyatning xotin-qizlar bilan shug’ullanadigan bo’limi ham, mehnat va ijtimoiy masalalar bo’limlari ham ularga ish topishda yordam berayapti”.

Qandahor Tolibon eng faol bo’lgan viloyat. Harakat sardori, 2001-yilda xalqaro koalitsiya hujumga o’tgach g’oyib bo’lgan Mulla Muhammad Umar ham shu yerda yashagan.

Toliblar hukmron davrda ayollar nafaqat ishlash huquqidan mahrum edi, hatto uyidan ko’chaga chiqishga qo’rqqan. Qizlar esa maktabda o’qiy olmagan.

Hozir yuzlab ayol muallimlar qizlarga maktablarda bilim berayapti, deydi Ta’lim vazirliginining viloyat bo’limi rasmiysi Evaz Nazariy:

“Viloyat bo’ylab qariyb 47 ming qiz o’quvchimiz bor. 800 ayol murabbiy. Ular kundan-kunga ko’paymoqda,” - deydi u.

1994-2002 – yillarda Qandahorda qizlar maktabga yo’latilmagan. 2014-yilda esa maktab bitiruvchilari orasida 500 qiz bo’ladi.

Bundan tashqari, xususiy sektorga jalb etilgan ayollar bor.

Maryam Duraniy mahalliy radiostansiyani boshqaradi, xotin-qizlar huquqlari himoyachisi. 2012-yilda AQSh Davlat kotibining Dovyurak ayollar xalqaro mukofoti bilan taqdirlangan.

Maryam Duraniy Mishel Obama va Xillari Klinton bilan mukofot olganida.
Maryam Duraniy Mishel Obama va Xillari Klinton bilan mukofot olganida.

“Qandahor xotin-qizlari ko’p narsaga muhtoj. Imkoniyatlar kerak, lekin eng asosiysi erishilgan yutuqlarni mustahkamlash lozim,” - deydi Duraniy.

AQSh qo’shinlari Afg’onistondan chiqib ketishga tayyorlanmoqda. Afg’onlar Tolibon hududni qayta o’z nazoratiga oladi, degan o’y-xavotirda. Bu holda xotin-qizlar huquqlari borasida erishilgan yutuqlar puchga chiqishi aniq.

Toliblar esa xotin-qizlarga qarshi harakatlarini to’xtatmagan.

2006-yilda jangarilar Qandahorning ayollar huquqlari bo’limi rahbari Safiya Amajonni, 2008-yilda politsiya zobiti Malalay Kakarni otib o’ldirdi. 2009-yilda viloyat kengashi a’zosi Sitora Ochiqzoy Tolibon hujumida halok bo’ldi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG