Afg'onistonda prezidentlikka nomzodlar qo'shma hukumat tuzishga rozi

  • Amerika Ovozi

Sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulla Abdulla va sobiq moliya vaziri Ashraf G’ani saylovning ikkinchi bosqichida berilgan ovozlarni qayta sanash ustida qattiq bahslashayotgan edi. Amerika bosh diplomati Jon Kerri Kobulda ikki kunlik muzokara ketidan nomzodlarni murosaga ko’ndirdi.

Afg’onistonda prezidentlikka da’vogar nomzodlar o’zaro tortishuvni bas qilib, koalitsion hukumat tuzish ustida ishlashga kelishib olgan. Sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulla Abdulla va sobiq moliya vaziri Ashraf G’ani saylovning ikkinchi bosqichida berilgan ovozlarni qayta sanash ustida qattiq bahslashayotgan edi.

Amerika bosh diplomati Jon Kerri Kobulda ikki kunlik muzokara ketidan nomzodlarni murosaga ko’ndirdi va ikkisi qo’shma hukumat tuzish sari bitimni imzoladi. Kerri Afg’onistonda shu paytgacha erishilgan, ammo hali ham mo’rt yutuqlar qo’ldan boy berilmasligi, davlat butkul parokandalikka yuz tutmasligi uchun payshanba kuni Kobulga yetib bordi. U bugun prezident Hamid Karzay bilan ham gaplashib oldi.

Davlat departamenti rasmiylarining aytishicha, Qo’shma Shtatlar shu oy oxirigacha Afg’onistonda yangi prezident ishga tushishini xohlaydi. Maqsad - sentabrda NATO vakillarining Afg’onistonga doir anjumanidan avval bu bahsni hal qilish.

Afg’onistondagi prezident saylovlarining ikkinchi bosqichi natijalari va Hamid Karzaydan keyin kim rahbar bo’lishi hanuz noaniq. Dastlabki hisoblarga ko’ra, Ashraf G’ani oldinda edi. Biroq Abdulla buni tan olmay, G’ani va saylov mutasaddilarini ig’vogarlikda aybladi. BMT iyundagi saylovda berilgan sakkiz million ovozlarni qaytadan hisoblashga bosh-qosh bo’lib turibdi.