Karzay AQShga nisbatan tanqidiga izoh berdi

  • Amerika Ovozi
Afg’oniston prezidenti Hamid Karzayning aytishicha, uning yaqinda AQShga nisbatan tanqidiy chiqishi ikki davlat rishtalarini isloh qilishga qaratilgan edi, orani buzishga emas.

Karzay ma’muriyati tarqatgan bayonotga ko’ra, rasmiy Kobul Qo’shma Shtatlar bilan kelishib ishlashni xohlaydi, ammo tomonlar bir-birining suverenitetini hurmat qilishi shart.

Bu orada, AQShning Afg’onistondagi bosh qo’mondoni, general Jozef Danford prezident Karzayning keskin chiqishlari sababli xorijiy qo’shinlarga hujumlar oshishi mumkin, deya ogohlantirgan edi.

Generalning tavsiyasi chorshanba kuni safdosh qo’mondonlarga e-mail orqali jo’natilgan va maktub “Nyu-York Tayms” gazetasi qo’liga tushib, jamoatchilikka havola etilgan.

Hamid Karzay yakshanba kuni Tolibonni Amerika manfaatlariga xizmat qilayotganlikda ayblab tanqid qilgan edi. Uning aytishicha, toliblar xurujlarni amalga oshirib afg’onlarni qo’rqitayapti, odamlar koalitsiya 2014-yildan keyin ham Afg’onistonda qolishi kerak, degan xulosaga kelayapti.

Biroq general Danford va Amerika Mudofaa vaziri Chak Xeygl Karzay ma’muriyatini tinchlantirishga urinmoqda. Toliblar bilan yashirincha , alohida muzokaralar olib borayotganimiz yo’q, deydi AQSh rasmiylari.

Bu orada, Afg’oniston maxfiy xizmati poytaxtda katta maydonni yo’q qilishga qodir portlovchi moslamani zararsizlantirgan. Hafta boshida Kobulda o’tkazilgan tunggi reyd paytida sakkiz tonna portlovchi modda musodara qilindi, deydi rasmiylar.

Xuruj tashkilotchilarini qo’lga olish paytida otishma boshlanib, besh kishi jon bergan, ikki odam qamoqda. Afg’oniston razvedkasining bildirishicha, hujum rejasi ortida Pokistonda asoslangan Haqqoniy guruhi turibdi.