Prezident Donald Tramp AQShning Afg'onistondagi qo'shinlari sonini kamaytirishga buyruq bergani yo'q. Bu haqda Afg'onistondagi xalqaro qo'shinlar qo'mondoni general Skott Miller ma'lum qildi.
Avvalroq bu mamlakatdagi 14 mingdan ziyod harbiyning yarmi yanvar oyida uyga qaytishi haqida xabarlar tarqalgan edi.
"Gazetalarda chiqayotgan mish-mishlarga hamma qatori ko'zim tushdi. Buyruq kelgani yo'q, hech narsa o'zgarmagan. Kechagi tartib qanday bo'lsa, bugun ham shunday", - dedi Miller Afg'onistonning Nangarxor viloyatiga safari chog'ida.
Amerikalik general viloyat rahbarlari bilan uchrashuvda bu haqdagi savollarga javob bergan.
"Buyruq berilgan taqdirda ham afg'on xavfsizlik kuchlarini tashlab qo'ymaymiz. Kichikroq qo'shin bilan ham ishni bajaramiz", - deydi Miller.
Rasman Ashraf G'ani hukumati askarlar sonini qisqartirish to'g'risidagi ehtimoliy qarordan xavotirda emasligini bildirmoqda. Qurolli kuchlarimiz davlatni himoya qilishga qodir, deydi rasmiylar. Ammo mulozimlar va generallar shaxsiy suhbatlarda AQSh harbiy yordamisiz Tolibon bosimiga bas kelish qiyinligini aytishadi.
2015-yildan buyon qariyb 30 ming afg'on askari halok bo'lgan.
General Skott Miller Afg'onistonda AQSh va NATO qo'shinlariga boshchilik qiladi. Uning aytishicha, mojaroga siyosiy yechim topish lozim chunki o'nlab yillik urushdan avvalo afg'on xalqining o'zi jabr ko'rmoqda.
AQShning Afg'oniston bo'yicha maxsus vakili Zalmay Halilzod Tolibonni muzokaraga ko'ndirish uchun o'tgan hafta Birlashgan Arab Amirliklarida harakat vakillari bilan yana uchrashdi. Ammo muloqot davom etishidan boshqa yangilik yo'q.
Qo'shma Shtatlar 2001-yilgi terror xurujlari ketidan Afg'onistonda Tolibon rejimini qulatish uchun harbiy kampaniya boshlagan edi. Eng uzoq davom etayotgan urush qariyb 150 ming odamning boshini yedi. Bu son xavfsizlik kuchlari, jangarilar va tinch aholini ham o'z ichiga oladi. Vashington 17 yil ichida bu urushga qariyb 1 trillion dollar sarflagan.