AQSh rasmiylari: Afg'onistonda missiya tugamagan hali

  • Amerika Ovozi
Afg’onistonning AQShga tashrif buyurgan prezidenti Hamid Karzayni juma kuni Oq uyda Barak Obama qabul qiladi. Ikki davlat rasmiylari 2014-yilda xorijiy qo’shinlar Afg’onistonni tark etganidan so’ng qancha amerikalik askar qolishi xususida muzokara qilmoqda. Afg’onistonda umuman harbiy qoldirmaslik ehtimoli ham bor.

AQSh qo’mondonlarining prezident Obamaga tavsiya qilishicha, 2014-yildan so’ng Afg’onistonda olti mingdan 20 minggacha qo’shin qoldirish lozim.

Ayrim manbalarga ko’ra, Oq uyning mo’ljali bundanda kamtarroq. Uch ming askarni qoldirib, ular yordamida afg’on qo’shinlarini tayyorlash va jangarilarga qarshi maxsus operatsiyalarda ularga ko’maklashish.

Oq uy rasmiylarining aytishicha, gap sondamas.

Prezident Obamaning milliy xavfsizlik bo’yicha maslahatchilaridan biri Ben Rodsga ko’ra, asosiy maqsad al-Qoidaning mamlakatda o’rnashishiga yo’l qo’ymaslik hamda afg’on politsiyasi va armiyasini professional holatga keltirish, jihozlash.

"Obamaning qarori Karzay bilan uchrashuv hamda qo’mondonlar tavsiyalari asosida ma’lum bo’ladi", - deydi Rods.

Oq uy matbuot kotibi Jey Karnining aytishicha, taklif va tavsiyalar ko’p, prezident Obama hali hammasini o’rganib chiqqani yo’q.

O’tgan yili Afg’onistonni AQShning 30 ming askari tark etgan. 68 ming qo’shin xizmatini davom ettirmoqda.

Obamaning Janubiy Osiyo masalalari bo’yicha yordamchisi Dag Lutning aytishicha, AQSh, koalitsiya va afg’on askarlari hamkorlikda al-Qoidaga qarshi samarali kurashmoqda, biroq missiya yakunlangani yo’q hali, mahalliy kuchlar to’liq tayyorgarlikdan o’tgani yo’q.

NATO yetakchiligidagi xalqaro kuchlar salkam ikki yildan beri Afg’onistonda xavfsizlik uchun mas’uliyatni bosqichma-bosqich mahalliy armiya va politsiyaga topshirib kelmoqda. Jarayon 2014-yil oxirigacha tugatilishi lozim. Koalitsiya qo’shinlari mamlakatni tark etganidan so’ng barcha operatsiyalar afg’onlar zimmasida bo’ladi.

Alyans matbuot kotibi general Gyunter Katsning aytishicha, jarayon rejadagidek kechmoqda. Afg’on xavfsizlik kuchlari 34 viloyatdan 23 tasida xavfsizlikni ta’minlamoqda.

"Xalqaro kuchlar joriy yilda ham mas’uliyatni afg’onlarga topshirishda davom etadi", - deydi u.

General Kats koalitsiya qo’shinlari Afg’onistonni tark etganidan so’ng mahalliy qo’shinlar toliblarga qarshi turolmaydi, degan gaplarga qo’shilmaydi.

"Afg’oniston armiyasi va politsiyasi o’smoqda, rivojlanmoqda, bir necha bor jangarilarga qarshi operatsiyada qo’li baland kelgan. Afg’on xavfsizlik kuchlari nazoratidagi hududlar ancha xavfsiz, to’qnashuvlar kamaygan, vaziyat borgan sari barqarorlashmoqda", - deydi general Gyunter Kats.

Afg’oniston hukumati rasmiylari yaqinda Parijda toliblar va boshqa jangari guruhlar vakillari bilan muzokara qilgan. Gulbiddin Hikmatyor yetakchiligidagi Hizbi Islomiy guruhi xorijiy qo’shinlarning Afg’onistonda bo’lishiga qarshi.

"Xorijliklar, amerikaliklar yurtimizdan ketmas ekan, urush davom etaveradi", - deydi Hizbi Islomiy vakili, Hikmatyorning kuyovi G’ayrat Bahir.

Afg’oniston prezidenti Hamid Karzay kecha AQShga tashrif buyurgan. Juma kuni prezident Obama bilan vaziyatni muhokama qiladi.