Afg’onistonda o’zbek tilini rivojlantirish masalasi so’nggi 40 yildan beri muhokamadagi mavzu. Bu jarayonda bir necha marta uzilishlar ro’y bergan. Gohida matbuotda o’zbek tili uchun ruxsat berilgan bo’lsa, ba’zida bu imkoniyat olib tashlangan.
Your browser doesn’t support HTML5
Afg’onistonda adabiyotlar yetishmovchiligi bilan yuzlashayotgan o’zbek tili haligacha o’z me’yoriy o’rnini topmagan. Imloviy va inshoviy muammolar hanuz mavjud.
Arab imlosiga asoslangan o’zbek tili imlo lug’ati barchaning e’tiborini qozona olmagan yoki olimlar o’rtasidagi ziddiyatlar sabab bu masala butkul yechilmagan. Arab imlosiga yangi bir necha grafik harflar qo’shilgan bo’lsa, ba’zi olimlar bunga qarshilik bildirgan.
Ayni damda Afg’onistonda o’zbek tili rivojiga ommaviy axborot vositalarining katta hissa qo’shgani ham doim ta’kidlanib kelinadi. O’zbekcha axborot saytlari, televideniye va radio dasturlarning chiqib turishi, film va qo’shiqlar odamlar orasida o’zbek tilini yoyish, o’zbek tilida yozishga undashda rol o’ynagan.
Faryobdan yozuvchi Kozim Amini nazarida hukumat tillarni rivojlantirish bobida o’z vazifasini eplay olmagan.
Amini Afg’onistonda o’zbek tilini rivojlantirish va muammolar haqida maqolalar yozgan yozuvchilardan biri. U ayni damda o’zbek ziyolilari o’rtasida hamfikrlik yo’qligini ham til sust rivojlanishiga sabab qilib ko’rsatadi.
“O’zbek tili ijtimoiy tarmoqlar, ommaviy axborot vositalari, TV va radiolarda ancha rivojlangan. Lekin bu jarayon ilmiy metod va rejaga asoslangan emas. Odamlar ichki kechinmalari, qadriyatlarni izlab o’zbek tilida yozmoqdalar xolos”, - deydi yozuvchi.
Afg’onistonda o’zbek tiliga 2003-yili rasmiy maqom berilgan. Qonun qabul qilish Loya Jirg’asida qatnashgan o’zbek faollari ularnining tillari bosh qonunda rasmiy til sifatida qayd etilishini talab qilganlar. Qonun qabul qilinar ekan, 16-moddada “o’zbek tili uchinchi rasmiy til” deya qayd etildi. Lekin uni taraqqiy ettirish, undan foydalanish mexanizmlari belgilab berilmadi.
“Bir xalqning madaniyati faqatgina til va adabiyot, maktabda tilning bir predmet sifatida o’qitilishi bilan cheklanmaydi. Biz madaniyatning boshqa turli xil sohalarida ortda qolib ketganmiz. Barchani birlashtiruvchi kuchning o’zi yo’q”,- deydi Kozim Amini.
Havaskor shoir va o’zbek jurnalisti Zalmay Aziziyga ko’ra, hozirgi kunda barcha masalalar taqdirini xavfsizlik belgilaydi. Afg’onistonga tinchlik qaytsa, o’zbek tilida ham burilish bo’ladi deb umid qilsa bo’ladi, deydi u.
“Afg’onistonda o’zbek tiliga uchinchi rasmiy til unvoni berilgan bo’lsa-da, bu tilga e’tibor qaratilmagan. Tilning rivoji uchun ayrim to’siqlar bo’lgan”, - deydi Aziziy.
Suhbatdosh o’zbek shoir va yozuvhchilarining shaxsiy urinishlarini olqishlaydi. Lekin, deydi u, shaxsiy imkon bilan tilning taqdirini o’zgartirish qiyin.
Afg’onistonda o’zbek tili siyosiy suiiste’mol qilinayotgani ham urg’ulanadi. O’zbek tilshunosi Nurullo Oltoy o’zining maqolasida “…Biz siyosatimizni tilimiz va adabiyotimizning taraqqiyoti uchun emas, balki tilimiz va adabiyotimizni siyosatimizning ravnaqi uchun vasila qilib kelmoqdamiz”, - deya eslaydi.
Hukumat tomonidan chamasi bundan 40 yil oldin “Yulduz” haftaligi va Zafar musiqa guruhiga asos solingan bo’lsa, bugungi kunda ushbu vazifani o’taydigan davlat yaratib bergan muqobil imkon yo’q.
Afg’onistonda o’zbek tilini rivojlantirish uchun O’zbekiston manbalari asosiy rol o’ynashi mumkinligi ta’kidlanadi. Bugungi kunda 96 nafar afg’onistonlik yoshlar O’zbekistonda tahsil olayotgan ekan, bu yoshlar Afg’onistonda o’zbek tili ravnaqi uchun qanchalik hissa qo’sha oladi? Buni vaqt ko’rsatadi.