Afg'oniston: Xudkushlik hujumida sikxlar halok bo'ldi

  • Amerika Ovozi

Afg'onistonning Nangarxor viloyatida bir kishi o'zini portlatishi oqibatida kamida 19 kishi halok bo'lgan, shulardan 10 nafari hindu va sikxlar.

Politsiya ma'lumotiga ko'ra, qurbonlar poytaxt Jalolobodda Prezident Ashraf G'ani bilan uchrashuvga ketayotgan bo'lgan. Portlashda yana 20 odam jarohatlandi.

Nangarxorda Tolibon va "Islomiy davlat" guruhi faol, lekin hozircha hech bir guruh hujumni uyushtirganini tan olgani yo'q.

30-iyun kuni viloyatning Xogyani tumanida IShiD a'zolari deb gumon qilinayotgan jangarilar hukumat maktabida uch soqchining kallasini olgan va binoga o't qo'ygan.

"Islomiy davlat" Afg'onistondagi bo'limini Xuroson viloyati deb ataydi. Bu guruh Nangarxorda muntazam xudkushlik hujumlari uyushtirishi, hukumatga aloqador odamlarning boshini uzishi bilan tanilgan.

IShID Ramazon oyida amalga oshirgan ikki portlashda qariyb 50 odam o'lgan, yana 130 nafari yaralangan edi.

Afg'on rasmiylari hisobicha, hozir mamlakatda IShID taxminan 2000 jangchiga ega, asosan Nangarxor, Kunor, Nuriston va Turkmanistonga qo'shni Juzjon viloyatlarida.

Ammo o'tgan hafta BMT Xavfsizlik Kengashi majlisida Rossiya taqdim etgan ma'lumotlarga ko'ra, IShIDning Afg'onistonda 10 ming jangchisi bor va ular 34 viloyatdan to'qqiztasida faoliyat olib boradi.

Rossiyaning BMTdagi vakili Vasiliy Nebenzyaning aytishicha, "Islomiy davlat" Afg'oniston shimolida o'z pozitsiyasini mustahkamlab, undan Markaziy Osiyoga kirish uchun tramplin sifatida foydalanmoqda.