2010-yilda AQShning Afg’onistondagi strategiyasida qator o’zgarishlar ro’y berdi. Prezident Obamaning buyrug’i bilan u yerdagi askarlar soni 30 mingga oshirildi.
Bundan tashqari, Afg’onistonda qayta qurish ishlarida minglab noharbiy mutaxassislar ishtirok etyapti.
NATO qo’mondoni general Deyvid Petreusning aytishicha, 9 yillik urushda yutuqlar bor, ayrim viloyatlar Tolibondan tozalangan.
2010 yil Afg’onistonda xalqaro qo’shinlar uchun katta talofatlar bilan yakunlanmoqda. Yil bo’yi zo’ravonlik sur’ati oshdi. Shunga qaramay, AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts missiyaga optimistik baho beradi.
“Vaziyat hali ham murakkab, lekin so’nggi 12 oyda Afg’onistonda ko’p narsaga erishdik”, - deydi mudofaa vaziri.
Har bir viloyatda vaziyat turlicha. Harbiylar bilan gavjum hududlar bir oz tinch, ular qadami yetmagan joylarda esa toliblar hukmron.
Bundan xulosa shuki, deydi Geyts, Afg’oniston haqida umumlashtirib gapirish qiyin. “Har bir provinsiya, tuman va qabilalar yashovchi olis hududlarga alohida baho berish kerak”.
Oq uy shu oy strategiyani qayta ko’rib chiqib, uni o’zgartirmaslikka qaror qildi. Jangarilarga bosim, iqtisodiy taraqqiyot va mahalliy armiya malakasini oshirish - eng ma’qul yo’l, deydi prezident Barak Obama.
“Askar qiz-yigitlar jasorati tufayli AQSh belgilangan maqsadga albatta erishadi”, - deydi prezident, ularga xizmati uchun minnatdorchilik bildirar ekan.
Rasmiylar hali ko’p mashaqqatli vazifalar oldinda ekanini tan oladi. Masalan, Hilmand va Qandahor kabi jangari makonlarida nazorat o’rnatish, qo’shni Pokistonni yaqinroq hamkorlikka ko’ndirish.
Joriy yil prezident uchun oson kechgani yo’q.
Missiyani oxiriga yetkazish uchun tanlangan oliy martabali qo’mondon, general Stenli Makkristal kutilmaganda ishdan olindi.
Bu urush boy berilishi mumkin degan xavotirlarni kuchaytirdi. Makkristal va uning yordamchilari matbuotga bergan intervyusida hukumat a’zolari va Afg’onistondagi siyosatni tanqid qilgan.
Makkristal o’rniga tayinlangan general Deyvid Petreus “Afg’onistonda g’alaba qilish mumkinmi” degan savolga “albatta” deya javob beradi.
Uning aytishicha, toliblar bu yerda avvalgidek erkin yurgani yo’q. Yil davomida erishilgan yutuqlar salmoqli, bu esa amaldagi strategiya to’g’ri ekanidan dalolat.
AQSh, NATO va afg’on rahbarlari kelasi yildan bu mamlakatda xorijiy askarlar sonini kamaytirishga kelishib olgan. 2014 yilda xavfsizlik butunlay mahalliy armiya zimmasiga o’tadi. Biroq Afg’oniston hukumati hali uzoq yillar xalqaro hamjamiyat ko’magiga tayanishi hammaga ayon.
Shunisi ham aniqki, Pokiston terrorizmga qarshi kurashda ko’proq shijoat ko’rsatmas ekan, Afg’oniston hali beri tinchimaydi.
Deyvid Barno 2003-2004 yillarda AQShning Afg’onistondagi kuchlariga qo’mondonlik qilgan. “Pokistondagi jangari manzillarini yo’q qilish uchun, kerak bo’lsa, rasmiy Islomobodga bosimni oshirmoq lozim”, deydi u.
Siyosiy tahlilchi Maykl O’Xenlonning aytishicha, Pokiston hukumati yil davomida qabilaviy hududlarga armiyani safarbar etib, bu kurashda g’ayrat ko’rsatdi.
Lekin mamlakatni qaqshatgan toshqinlar tufayli bugun harakat ancha susaygan.
Afg’onistondagi amaliyotlar samarasi Oq uyda muntazam tekshiruv ostida. Jamoatchilik orasida esa urushga qarshilik o’sib bormoqda – hozir 60 foiz atrofida.
Joriy yilda jang maydonida 500 dan ortiq askar nobud bo’ldi. Kelasi yilga borib, deydi tahlilchilar, prezident Obama urush strategiyasi samara berayotganini aniq ko’rsatishi kerak.