Obama uchun Afrika qashshoq qit'a emas, imkoniyatlar makoni

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Afrikaliklar uchun Barak Obama nafaqat AQSh prezidenti, balki kelib chiqishi bu zaminga borib taqaladigan inson. U bilan faxrlanishadi. Oq uyga saylanganida Obamaga ulkan umidlar bog’langan edi. Xulosa qanday?

Dunyoning eng qudratli mamlakatini Afrika o’g’loni boshqarmoqda, deya g’ururlanib keladi bu qit’a vakillari.

Keniyadan siyosiy sharhlovchi Barrak Muluka:

“Rosa umidlar qilgan edik. Mo’jiza kutgan edik. Muammolarni hal qiladi, hayotimiz yaxshilanadi, deb o’ylagan edik. Albatta, bu real umidlar emas edi. U bizning rahbarimiz emas, Amerika prezidenti. Nega bizga xizmat qilishi kerak?”

Obama Afrikaga to’rt marta bordi, mamlakatlarni kezdi. Diktator va repressiv rahbarlarni tanqid qildi. Erkinlik va farovonlik yo’lida qadam tashlashga undadi.

2009-yilda Ganaga borganida, Obama shunday degan: “Afrikaga zolim erkaklar emas, qudratli organlar kerak”.

Uning fikricha, insonparvarlik yordami bilan cheklanmaslik lozim.

“Prezident Obama xususiy sektor taraqqiyoti va savdoni kengaytirishga urg’u berdi. Biznes kengashlar bilan hamkorlikni yo’lga qo’ydi. AQSh kompaniyalarini Afrikada sarmoya qilishga ko’ndirdi. Afrika xavfli qit’a emas deb ishontirish osonmi? Mening fikrimcha, Obama bizga yordam berdi”,- deydi Ali Xon Satchu, moliyaviy tahlilchi.

Obama yoshlarni faollikka chorladi. Umidsizlanishdan naf yo’q, harakat qilish kerak, deya chaqirdi. Keniyada, 2015-yil:

“Sizning mamlakatingizda yoshlar uchun imkoniyatlar cheksiz. Qo’l qovushtirish yaramaydi”.

Afrikaning yangi avlodi istiqbol uchun jon kuydirsin, dedi Obama.

“Afrika ahli o’ziga ishonsin va umidsizlik domidan chiqsin. Obamadan shunday dadil gaplar eshitdik. Odamlarga ta’sir qildi. Uning bizga nisbatan siyosati shunga asoslandi”.

Afrikaning Yosh Liderlari degan loyiha ishga solindi. Olti yildirki, yangi avlod vakillari bilan ishlab kelmoqda. 250 ming odam kiradi bu tashkilotga. Bu loyiha asosida 2016-yilning o’zida 1000 yosh mutaxassis AQSh oliygohlarida ta’lim oldi va olmoqda. Obama deydiki, Amerika xalqi uning homiysi.