Nega OITS kasalligi qora tanli amerikaliklar orasida ko'p uchraydi?

  • Amerika Ovozi

Faollar 2014-yilgi OITS konferensiyasi bo'lib o'tayotgan bino oldida, Melburn, Avstraliya, 22-iyul, 2014-yil.

AQShda Orttirilgan Immunitet Tanqisligi Sindromi bilan xastalanganlar orasida qora tanlilar ko’pchilikni tashkil etadi. Bu darddan halok bo’ladiganlar ham ular orasida ko’p. Sabablari turli xil, ammo odamlarning shifokor ko’rigidan o'tishga uyalishi asosiy omillardan biri bo’lishi mumkin.

Your browser doesn’t support HTML5

SPID va qora tanli amerikaliklar, Behzod Muhammadiy

Tekshirish uchun og’izdan so’lak olish kifoya.

10 soniyalik bu amaliyot inson hayotini saqlab qolishi mumkin. Bu nafaqat kasallikning boshqalarga o’tishini, balki qora tanli amerikaliklar orasida tez tarqalayotgan OITS endemiyasini to’xtatishi mumkin.

Ammo isnod bu yo’lga to’siq bo’lmoqda.

Afro-amerikaliklar AQSh aholisining 12 foizini tashkil qilsa ham, OITSga chalinganlarning 44 foizi ulardan iborat.

Buning sabablari turlicha. To’g’ri ma’lumot va sifatli tibbiy xizmatga ega bo’lmaslikdan tashqari, tekshiruvdan o’tishni istamaslik, ya’ni bundan isnod qilish ham muhim omillardan biri.

“Bu narsa odamlarni o’zlarini tekshirtirishdan to’sayotgan eng katta sabab. Agar ular kasal bo’lsa, kasalxonaga yotishi yoki muntazam muolaja olishi kerak-ku”, - deydi Sog’liq va aholi xizmatlari departamenti mutaxassisi Timoti Xarison.

OITSdan ogohlik milliy kunida uyatga qarshi aksiya o’tkazildi. Vashingtondagi tadbirda odamlar analiz topshirish uchun navbatga turdi.

“Bu kasallikka chalingan yoki chalinmaganingizni bilishingiz juda muhim. Shunga qarab muolaja olasiz va boshqalarga ham yuqtirmaslik chorasini ko’rasiz”, - deydi Harison.

Xovard universitetida o’tkazilgan konferensiyada ham shu masala tilga olindi.

Doktor Soxayl Rana uyatni deb davolanmasdan halok bo’lgan bemorlarni ko’rgan.

“Har qanday kasallikka uyat aralashsa, oqibati 300 foizga yomonlashadi”, - deydi u.

O’tgan asrning 60-yillarida fuqarolik huquqlari faollari hamda qora tanlilar cherkovlari tenglik uchun faol kurash olib borgan edi. Ammo ular OITSga qarshi sust harakat qilishdi.

Qora tanlilar milliy uyushmasi vakili Shavon Arlayn-Bredli hozir vaziyat yaxshilanayotganini aytadi.

“Ota-onalarga, diniy rahnamolarga qanday ta’sir o’tkazish yo’llarini o’rgandik. Aytadigan gapimiz shuki, odamlar o’lyapti; siz bunga befarq qarashingiz mumkin emas. Inson hayoti boy berilyapti. Nimadir qilishga majbursiz”, - deydi u.

Sog’liqni saqlash bo’yicha AQSh mutasaddilari kasallikning oldini olish mumkinligi, buning uchun, avvalo, tekshiruvdan o’tish lozimligi haqida odamlarni ogohlikka da’vat etmoqda.

“AIDS.gov” saytida yozilishicha, agar virus hozirgi holatda tarqalishda davom etsa, AQShdagi har 16 ta qora tanli erkakdan biri hamda har 32 ayoldan bittasi OITS bilan xastalanadi. Bu raqam oq tanlilardagi ko’rsatkichdan sakkiz barobar ko’pdir.