162 yo'lovchi va ekipaj mingan samolyot Indoneziya uzra yo'qoldi

  • Amerika Ovozi

AirAsia samolyotida yaqinlari bo'lgan odamlar. Surabaya, Indoneziya.

162 yo'lovchi va ekipaj a'zolarini olib ketayotgan samolyot Indoneziya uzra bedarak ketgan. "AirAsia" kompaniyasi samolyoti Indoneziyaning Surabaya shahridan Sumatraga uchayotgan bo'lgan.

Indoneziya rasmiylari laynerni qidirish ishlari davom etayapti, deydi. Halokat ob-havo yomonlashgani bois ro'y bergani taxmin qilinadi.

Arzon chiptalar taklif qiluvchi bu havo yo'llari layneri bugun ertalab havoga ko'tarilgan. Tonggi soat 7 yarimda samolyot bilan aloqa uzilgan. Voqeadan sal oldin uchuvchi ob-havo yomonlashganini aytgan; u quyuq bulutlar va shamoldan xavfsizroq joyga pastlash uchun ruxsat so'ragani ma'lum.

Singapur va Malayziya qidiruv-qutqaruv ishlarida yordam berayapti.

"AirAsia" havo yo'llarining bildirishicha, Aerobus bortida indoneziyalik 149 yo'lovchi, janubiy koreyalik uch fuqaro, shuningdek, Singapur, Malayziya va Britaniya fuqarolari bo'lgan. Ekipaj tarkibida indoneziyalik olti shaxs va fransuz uchuvchi bo'lgani ma'lum.

"AirAsia"ning qarorgohi Malayziyada joylashgan.

Bu - joriy yil ro'y bergan, Malayziyaga aloqador uchinchi avia-halokat. Mart oyida Kuala-Lumpurdan Pekinga ketayotgan yo'lovchi samolyoti g'oyib bo'lgan,uning bortida 239 odam bor edi.

Iyul oyida Ukraina sharqida Malayziyaga qarashli yana bir samolyot - 298 yo'lovchi va ekipaj a'zolari mingan Boingni isyonchilar urib tushirgan edi.

AirAsia yo'lovchi samolyoti bedarak ketdi