Quddusning al-Aqso masjidiga yoshidan qat'i nazar barcha musulmonlar kelishiga ruxsat berildi.
Isroil bir necha kun oldin masjidga faqat 35 yoshdan kattalarni kiritayotgan, bu qarorni yoshlar to'polon boshlashi mumkin, deya izohlayotgan edi. Quddusning Eski shahar qismiga qo'shimcha politsiya kuchlari safarbar etilgan.
Masjidni qayta ochish qarori Amerika Davlat kotibi Jon Kerri, Falastin Prezidenti Mahmud Abbos, Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu va Iordaniya qiroli Abdullaning uchrashuvi ketidan e'lon qilindi.
Amerika bosh diplomatining aytishicha, hamma tomonlar tartib-tinchlikni qayta tiklashga va'da bergan. Kerri nazarida hozir Isroil va Falastin rahbarlari yuzma-yuz uchrashishi uchun qulay fursat emas.
Musulmon va yahudiylar uchun birday muqaddas sanalgan masjid va uning atrofi ustida bahslar oxirgi paytlarda avjida.
Yahudiylar masjid yaqinida bemalol ibodat qilish imkonini talab qilib keladi. Musulmonlar esa buni al-Aqsoni qo'ldan boy berish bilan qiyoslaydi.