Al-Qoida jangarilari Yaman janubidagi qamoqxonaga hujum qilib, 300 mahbusni ozod etgan. Ular orasida al-Qoidaning arab yarimorolidagi ko'zga ko'ringan vakili Xolid Batarfiy ham bor.
Bu orada, hutiylar Adan shahri markaziga kirib, Prezident Abdu Rabbo Mansur Hadining saroyini egallagan. Hadi bir hafta oldin Riyodga qochgan edi.
Saudiya Arabistoni o'shandan beri hutiylarni havodan nishonga olmoqda. Bugun Yaman hududidan otilgan o'qdan saudiyalik chegarachi o'lgan.
Inson huquqlari bilan shug'ullanuvchi “Human Rights Watch” tashkilotiga ko'ra, Saudiya Arabistoni va boshqa davlatlar hujumi natijasida qochqinlar lagerida kamida 29 odam o'lgan.
"Urush qoidalari buzilmoqda. Harbiy ahamiyatga ega bo'lmagan joylar nishonga olinib, begunoh insonlar o'lmoqda", - deydi “Human Rights Watch” vakili Jo Stork.
Kecha sut mahsulotlari fabrikasi ham nishonga olinib, 35 odam nobud bo'lgan. Hujum ortida kim turgani hozircha ma'lum emas.
Yaman Tashqi ishlar vaziri Riyod Yasin arab koalitsiyasidan mamlakatga qo'shin kiritishni so'ramoqda.
"Shunda tinch aholi orasida qurbonlar kamroq bo'lib, odamlarga gumanitar yordam yetkazish osonlashadi", - deydi u.