Bilim va mehrini nogiron bolalarga sarflayotgan o'zbekistonlik jahon e'tiborida

Nargis Ziyavatdinova AQShda 2002 yilda bo'lgan

Amerika uning ilm maskanlarida o’qib yoki bu mamlakatda tajriba oshirib, vatanida buyuk ishlar qilayotgan yoshlar va mutaxassislar bilan faxrlanadi.

“Ularni har jihatdan quvvatlashni ham sharaf deb bilamiz”,- deydi Syuzan Kristal (Susan Crystal), AQSh Davlat departamentining ta’lim va madaniyat byurosida bu masala bilan mashg’ul rasmiy.

Qo’shma Shtatlar har oy bir birituvchi yoki qatnashuvchini namuna qilib ko'rsatadi. May oyi qahramoni - Nargis Ziyavatdinova, o’zbekistonlik mutaxassis. U 2002 yilda Amerikaga kelib tajriba oshirib ketgan.

Nargis Ziyavatdinova Surhondaryo viloyati Termiz shahrida “Imkon” nohukumat tashkiloti asoschisi.

Muassasa imkoniyati cheklangan bolalarga ga’mxo’rlik qiladi. Jamoatchilik diqqatini bu ma’sum go’daklar taqdiriga qaratib, ularning bilim olish, kasbli bo’lish va mustaqil hayot kechirishi uchun sharoit yaratishni asosiy vazifa deb belgilagan.

Nargis Ziyavatdinova, besh sog’lom farzandning onasi, aslida iqtisodchilikka o’qigan.

“Ilmli, hunarli bo’lib, oila qurib, farzand ko’rib, baxtli hayot kechirar ekanman, shukur qilmay iloj yo’q”,- deydi u.

“Jamiyatga haqiqatan yordam bermoqchi bo’lsam, nima qilishim mumkin deb o’ylandim. Imkoniyati cheklangan insonlar yuzlashadigan muammolarga azaldan qiziqib kelardim. Lekin bu borada professional bilimga ega emas edim. Qunt bilan o’rganishni boshladim, so’rab-surishtirdim, imkoniyat izladim”,- deya hikoya qiladi Nargis Ziyovatdinova.

Ana shu izlanishlar uni AQShga yetakladi. Bu davlatning Toshkentdagi elchixonasi maxsus dasturlar taklif qilishi haqida xabar topdi. U boshlagan tashkilotning maqsadi, jamiyatda qanday rol o’ynashi mumkinligi, qanday yordamga muhtoj ekanini tushuntirib, ana shu programmalardan birida ishtirok etdi.

Nargis Ziyavutdinova AQShda 2002 yilda bo'lgan

“Amerika bo’ylab uch haftalik safar ko’zimni ochdi, imkoniyatlar maydoni keng ekanini bildim”,- deydi Nargis Ziyavatdinova.

Yosh yetakchilarni qo’llab-quvvatlovchi bu dastur doirasida u kabi mehmonlar turli shahar va shtatlarda bo’lib, nohukumat tashkilotlar faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Moliyaviy manba va byudjetdan tortib, targ’ibot-tashviqot ishlari qanday olib borilishini o’rgandi. Nargis, asosan, nogironlarga nisbatan munosabat, ularning ahvoli va ijtimoiy yordam bilan qiziqdi.

“Shu qadar ko’p ma’lumot oldimki, O’zbekistonga qaytayotganimda samolyotda o’tirib, tashkilotimni yangidan loyihalab chiqdim”,- deydi u.

O’tgan yillar ichida ko’p yutuqlarga erishdi. "Eng ulkan muvaffaqqiyatim shuki", - deydi Nargis Ziyavatdinova, "bu bolalar uchun hayot bir oz osonlashdi".

“Ular ilmli va ishli bo’lishi, mustaqil yashashni o’rganishi kerak. Qolaversa, imkoniyati cheklangan odam boshqasining dardini tushunadi. Shunday qilaylikki, bu insonlar o’ziga o’zi yordam bersin. Hozir biz tarbiyalagan bolalar voyaga yetib, boshqa invalidlar bilan ishlayapti”, - deydi mutaxassis.

Syuzan Kristal, AQSh Davlat departamenti rasmiysi

Nargis Ziyavatdinova fikricha, omma orasida nogironlar – uning ta’rificha imkoniyati cheklanganlarga hurmatni oshirish kerak. "Hukumat ularning huquqini ta’minlash, ijtimoiy yordamni oshirish yo’lida ancha ishlar qildi va qilayapti", - deya baholaydi u.

“Xususan Surhondaryo viloyat hokimiyati ishimiz samarasini ko’rib, yordamni ayamayapti”,- deydi faol.

“Moliya, mablag’ nozik masala, lekin biz bor imkoniyatlardan foydalanib, umidni boy bermayapmiz. Chunki ishimizning o’zi norasida insonlarga umid ulashish, ularning hayotini osonlashtirish”, - deydi Nargis Ziyavatdinova.

Vashingtonda, AQSh Davlat departamentida Nargis Ziyavatdinova singari turli dasturlarda ishtirok etgan yoki bu mamlakat universitetlari va maktablarini bitirib ketgan chet elliklar bilan ishlaydigan Syuzan Kristal nazarida ona yurtga qaytib yangi ishlarga qo’l urish, xalq duosini olish oson emas.

“Bu nafaqat zehn va iqtidor, balki tirishqoqlik, sabr-toqat, keng dunyoqarash, optimism, kirishuvchanlik va eng muhimi, qattiq mehnat talab qiladi”, - deydi u.

Yurtimga qaytganimda hamma meni quchoq ochib kutib oladi yoki mana senga ish, mana lavozim, mana ulkan maosh deb to’rga chiqarishadi deb kutish to’g’ri emas, deydi Syuzan Kristal.

“Har bir jamiyatda ham bitiruvchi o’z yo’lini topib, bilimining samarasini ko’rgunicha ancha vaqt o’tadi”.

AQShning bu dasturlaridan maqsad o’zi nima?

“Mamlakatimizning intellektual va professional kuchini ulashish, ilm va jamoat maskanlarimizga chetdan o’quvchi va talaba, muallim va mutaxassis olib kelib, tajriba almashish. Bu ma’naviyatimizni boyitadi, xalqlarni yaqinlashtiradi. Bu esa tinchlikni mustahkamlaydi”,- deya javob beradi Syuzan Kristal.

Bir yoki ikki yillik dasturlar uchun mablag’ ajratish, tanlov orqali xorijiy yoshlarni Amerikada o’qishga taklif qilish, barcha xajaratlarni qoplash - siyosiy, ijtimoiy sarmoya.

Bir tomondan Amerika ularga ilm berib, o’z qadriyatlarini targ’ib qiladi. Ikkinchi tomondan esa vatanga qaytish talabini qo’yib, ularning bo’yniga o’z mamlakati taraqqiyoti uchun xizmat qilishdek murakkab vazifani yuklaydi.

“Bundan har ikki tomon yutadi”, - deydi Syuzan Kristal. Xalq diplomatiyasi deb bekorga aytishmaydi.

Chet elda o’qib qaytgan o’zbekistonlik yoshlar orasida vaziyatdan xunob bo’lib yurganlar talay. Shikoyatlarning cheki yo’q. Korrupsiya, qog’ozbozlik, tor mentalitet, bilimni qadrlamaslik va hokazo. Xorijda o’qib kelib, kekkayib bizga aql o’rgatishga harakat qilayapti, sistemani o’zgartirmoqchi emish degan tanqidlarni ham eshitasiz.

Ikki dunyo orasidan muvozanat topish muammo kalitlaridan biri.

“Eng muhimi, odam biror narsani chin dildan istashi kerak. Nargis Ziyavatdinovani shu bois ham namuna sifatida ko’rsatayapmiz”, - deydi Davlat departamenti rasmiysi.