AQSh elchisi Toshkentda taniqli huquq himoyachisi bilan muloqot qildi

  • Amerika Ovozi

Amerikaning O'zbekistondagi elchisi Pamela Spratlen Inson huquqlari alyansi rahbari Yelena Urlayeva bilan, 11-iyun, 2015, Toshkent

AQShning O'zbekistondagi elchisi Pamela Spratlen 11-iyun kuni huquq himoyachisi Yelena Urlayeva bilan uchrashgan.

Urlayeva yaqinda militsiya tomonidan tahqirlanganini ma'lum qilgan edi. Faol unga turli tuhmatlar qilinayotganini ham aytgan.

Inson huquqlari alyansi rahbari Yelena Urlayeva uzoq yillardan beri O'zbekistonda adolat va qonun ustuvorligi uchun kurashib keladi.

Elchi Spratlen Amerika inson huquqlari va fuqaro jamiyatini targ'ib qilishda davom etishini bildirgan.

Yaqinda AQShning Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotidagi elchisi Daniel Ber ham Urlayevaga qilingan hujumni qoralab, O'zbekiston hukumatini inson huquqlari bo'yicha xalqaro majburiyatlarini bajarishga chaqirgan edi.

Ber, shuningdek, qamoqdagi huquq faoli A'zam Farmonovning jazo muddati mavhum sabablarga ko'ra yana besh yilga uzaytirilganini tanqid ostiga olmoqda. O'zbekistonda adolat bo'lsa, Farmonov ozod etilishi kerak, deydi diplomat.

Elchi Spratlen O'zbekistonning boshqa faollari bilan ham muloqot qilgan. Paxta dalalaridagi majburiy mehnat singari masalalar haqida ularning fikr va mulohazalarini tinglagan.