Smitson muzeyida Amerika bizneslari tarixiga oid ko'rgazma

  • Amerika Ovozi

Amerika tarixi Smitson milliy muzeyi Vashingtonda sayyohlar eng ko'p tashrif buyuradigan maskanlardan biri. Unga har yili besh milliondan ortiq odam kiradi. Muzeyda yaqinda yangi ko'rgazma ochildi. Unda Amerikaning qishloq xo'jaligiga qaram tizimdan eng qudratli iqtisodiyotga aylanish yo'li aks etgan.

Your browser doesn’t support HTML5

Amerika bizneslari tarixiga oid ko'rgazma, Behzod Muhammadiy

1840-yillarda tadbirkor ayollar ishlatgan yog'och arava, Aleksandr Grexem Bellning telefoni, gazda yurgan Fordson traktori, "Google"ning ilk serveri hamda 1929-yilgi moliyaviy inqirozga guvoh bo'lgan Nyu-York birja bozorining budkasi ko'rgazmaga qo'yilgan 600 buyumdan ayrimlari. Bu yerda Amerika biznesi tarixini aks ettirish uchun iqtisodiyotning turli jabhalariga tegishli tarixiy jihozlar to'plangan.

Piter Libxold ko'rgazma kuratori.

"Ularning ko'pi bebaho milliy xazina, Amerika tarixi qanday kechgani haqida tasavvur beradi. Amerika tarixini tushunish uchun uning biznesi tarixiga qarash kerak", - deydi u.

"Amerika ishbilarmonligi" deb atalgan bu ko'rgazma muzeyning yangi Novatorlik burchagida tashkil qilindi. U 1700-yildan hozirgacha bo'lgan Amerika kompaniyalari tarixini qamraydi.

Muzey direktori Jon Grey ko'rgazmaning ahamiyati haqida shunday deydi:

"Amerika ishbilarmonligi" demokratiya, kapitalizm, shaxs va korporatsiyalarning o'zaro aloqalarini ochib beradi. Ko'rgazma ularning umumiy ezgulik yo'lida doim birga ishlaganini aks ettiradi", - deydi u.

Biografiyalar devori esa 89 mashhur biznesmenning muvaffaqiyatlari va muammolari haqida hikoya qiladi. Kashfiyotchi Tomas Edisonning mashhur chirog'i ham, 1890-yillar boshida xaridor e'tiborini qozona olmagan so'zlashuvchi qo'g'irchoq ham shu yerda.

"Biografiyalar uzun emas, muvaffaqiyat va yo'qotishlar, muamollar, kuch va boylik haqida hikoya qiladi. Ular ko'rgazmaga shaxsiy nuqtai nazar baxsh etadi", - deydi Libxold.

1950-yillardagi Amerikaning iste'molchilik madaniyatini aks ettirgan mashhur tele va radioreklamalar ham ko'rgazmaga qo'yilgan.

"Amerika ishbilarmonligi" mijozlarning tarixiy ahamiyatini tan oluvchi yangi ko'rgazmadir. U faqat ishlab chiqaruvchilar va ishchilar haqida emas, balki iste'molchilarni ham qamrab oladi. Chunki bozorda mijozlarga qarab reklamaning ahamiyatini tushunish mumkin", - deydi u.

Interaktiv galereya orqali muzey mehmonlari muvaffaqiyatli biznes yaratish imkoniyatini sinab ko'rishi mumkin.

"Bu interaktiv o'yinlar odamlarga asosiy qoidalarni o'rganishda ancha yordam beradi. Bundan tashqari, bu yerdagi buyumlar juda ajoyib", - deydi muzeyga tashrif buyurgan Joan ismli ayol.

Muzey rasmiylarining umid qilishicha, ko'rgazma odamlarga Amerika tarixida biznes kompaniyalari qanchalik muhim rol o'ynaganini tushunishda yordam beradi.