Amerikalik imom: Musulmon davlatlarga qaraganda AQShda islomiy hayot osonroq

  • Amerika Ovozi

2015-yil oxiriga kelib AQSh prezidentligi uchun nomzodlar bahslarida musulmonlar va ularning e'tiqodi jiddiy tortishuv mavzusiga aylandi. Ayniqsa, respublikachi da'vogar, milliarder Donald Trampning musulmonlarni AQShga kiritmaslik taklifi kuchli e'tirozlarga sabab bo'ldi.

"Donald Tramp musulmonlarning AQShga kirishini butunlay to'xtatish tarafdori", - deydi milliarder nomzodning asosiy raqibi Ted Kruz. U bu bilan musulmonlar masalasida bundan farqli qarashga ega ekanini bildirmoqchi.

Tramp, shuningdek, 11-sentabr xurujlari haqida gapirib, musulmonlar Amerikaga qarshi jihod qilish niyatida, dedi.

"Bundan boshqa yo'l yo'q oldimizda", - deydi u o'zinng bahsli fikrini himoya qilib.

Trampning qarashlari respublikachilar partiyasida ham keskin norozilik uyg'otdi. Musulmonlar va musulmon amerikaliklar mavzusida siyosiy bo'linishni keltirib chiqardi. Demokratlarda ham e'tiroz kuchli.

Prezident Barak Obama ham musulmonlarga qarshi gapirayotganlarga tanbeh berdi.

"Siyosatchilar musulmonlarni tahqirlasa, bu bizni xavfsizroq qilib qo'ymaydi. Bu mutlaqo xato", - dedi AQSh rahbari.

Bunday tortishuvlarga musulmonlarning munosabati qanday?

Islomda demokratiya tushunchasi

AQShda musulmonlar erkin va xavfsiz yashashlarini aytadi. Chunki demokratiya qadriyati ularga yot emas. Musulmon olimlaridan biri Faysal Abdul Raufga ko'ra, shariat demokratiya tamoyillariga asoslangan.

"Mustaqillik deklaratsiyasi islom qonunlaridan ko'zlangan maqsad bilan uyg'un. Boshqaruvchilarimiz ularni saylov orqali boshqaradigan odamlarning ishonchi bilan ishlaydi. Bu jarayonlarning barchasi islom qonunlari bilan juda hamohang", - deydi u.

Faysal musulmonlar va G'arb o'rtasidagi aloqalarni yaxshilashga xizmat qiluvchi Kordoba tashabbusi nomli notijorat tashkilot asoschisi. U o'zining "Islom davlatchiligini tushunish" nomli kitobida Amerikadagi zamonaviy musulmonlar hayoti haqida hikoya qiladi.

"Ko'plab musulmonlar Amerikada yashash ular o'zlari kelgan boshqa ko'plab davlatlarga qaraganda islomiyroq ekanini biladi. O'zim ham shunday fikrdaman", - deydi AQShda tug'ilib o'sgan imom.

Uning kitobi dunyoning ko'plab musulmon ulamolari va yetakchilarini qamrab olgan olti yillik tadqiqot natijasida yozilgan. Ilmiy izlanishlar natijasida aniqlandiki, islomning olti asosiy maqsadi bor: din, aql, oila, mol-mulk, sharaf va hayotni himoya qilish. Bularning barchasi Amerika qadriyatlariga mos tushadi.

Musulmonlarni "uylari"ga jo'natishning iloji bormi?

Nyu-jersilik yosh musulmon yetakchisi Mahmud Mahmud musulmon va musulmon bo'lmagan amerikaliklar o'rtasida bog'liqlik katta, deb hisoblaydi. Shu bois u imom Faysal bilan hamfikr.

"Amerikada musulmon davlatlariga qaraganda ko'proq islomiy hayot kechirish imkoniyati bor", - deydi u.

Unga ko'ra, ko'plab musulmon o'lkalarida, korrupsiya, ayollarning kamsitilishi, inson huquqlarining toptalishi, qashshoqlik va adolatsizlik keng tarqalgan. Amerikada esa odamlar o'z qarashlarini erkin ifodalay oladi, deydi faol.

Korrupsiyaga qarshi kurashning o'zi dindorlik belgisi, deydi Mahmud.

"Bunday qadriyatlar har bir dinning asosini tashkil etadi. Qo'shnilarga, qashshoqlarga g'amxo'rlik qilish kabi ko'plab tamoyillar mavjud", - deydi u.

Imom Faysalga ko'ra, AQSh va musulmon dunyosini bir-biridan ayirish ham to'g'ri emas.

"AQSh musulmon dunyosi bilan hamkorlik qilishdan juda manfaatdor. Dunyo aholisining chorak qismini musulmonlar tashkil qiladi. Iroq va Afg'onistonda harbiylarimiz bor, Turkiyada bazalarimiz bor. Musulmon dunyosidagi ishtirokimizni ajratib bo'lmaydi. Iqtisodiy manfaatlar ham bor", - deydi u.

Shuning uchun, deydi imom, Trampning da'vosi asossiz.

"Musulmonlar bu yerda yashamasin, deb, buni amalga oshirishga urinsangiz, AQShning musulmon dunyosi bilan aloqalari qanday bo'lishini tasavvur qiling. Buning iloji yo'q", - deydi Faysal.