Bishkekdagi Amerika universitetida o’tkazilgan yirik xalqaro anjuman ommaviy axborot vositalari hamda ziddiyatlarni hal qilish masalalariga bag’ishlandi. Munozaralarda 100 dan ziyod olim va mutaxassislar qatnashdi.
Your browser doesn’t support HTML5
Kuzatuvchilarga ko’ra, Markaziy Osiyodagi Amerika universiteti nafaqat nomdor bilim dargohi, balki nufuzli muloqot maydoni hamdir.
Siyosat fanlari doktori Alisher Hamidovni suhbatga chorladik. AQShda oliy ta’lim va ilmiy unvonlar olgan ushbu tadqiqotchi hozirda Jahon Bankining mintaqaviy vakolatxonasida faoliyat yuritadi, ayni paytda mahalliy universitetlar bilan hamkorlik qiladi.
“Mazkur o’quv dargohining qator o’ziga xosliklari bor. Birinchidan, ustoz va talabalarni sof munosabatlar bog’lab turadi. Boshqa o’quv yurtlaridan farqli o’laroq, bu joyda poraxo’rlik yo’q. Avvaldan shunday muhit tuzilganki, aytilgan illatga umuman o’rin yo’q, - deydi Hamidov.
"Qisqa qilib aytganda, bu Amerikaning bir orolchasi, AQSh qadriyatlarini yoyish omili. Bu dargohda nafaqat Markaziy Osiyo o’lkalari, balki Amerikaning o’zi va Yevropadan, olis yurtlardan kelgan talabalar bilim olishadi”.
Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, universitetda bakalavriat uchun 14 va magistrlik uchun to'rt o'quv dasturi mavjud. Amerikashunoslik, yevropashunoslik, antropologiya, matematika va informatika, iqtisod va biznes, xalqaro siyosatshunoslik, erkin san’at va fanlar, jurnalistika, tilshunoslik kabi 14 kulliyot faoliyat ko’rsatadi.
Muntaqada ushbu ixtisosliklar bo’yicha mutaxassislarga talab qanday?
Professor Hamidov deydiki, aytilgan fakultetlar olib borilgan tadqiqotlar, aniqrog’i, mavjud va bo’lg'usi ehtiyoj hamda talablarni o’rganish asosida ochilgan.
“Qolaversa, bu universitet yoshlar uchun Amerika va Yevropaga ochilgan bir darvoza - kerak bo’lsa, o’z imkoniyatlarini xorijda sinab ko’rishlari mumkin”, - deydi professor.
Mutaxassislarga binoan, Amerika universiteti Bishkekdagi Qirg’iz-Slavyan (rus) universiteti qatori mamlakatning eng old oliy o’quv muassasalari qatoriga kiradi.
“Universitetning tanqidchilari fikricha, rahbariyat katta mablag’ni kampus qurilishiga yo’naltirib, obodonlashtirish ishlari bilan ovora bo’lib, ta’lim sifati hamda muallimlar daromadi masalalarini biroz chetda qoldirdi. Ehtimol, bu qay bir ma’noda o’rinli ta’nadir. Rostdan ham, xorijdan kelib, to’liq emas stavkada ishlayotgan mutaxassislarning maoshlari past. Lekin berilayotgan bilim, ta’lim sifati, menimcha, balandligicha qolmoqda”, - deydi suhbatdosh.
Alisher Hamidov fikricha, Amerika universitetida xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlar o’tkazish an’anasi ushbu o’quv dargohining saviyasi hamda salohiyatidan dalolat beradi. Ayni paytda Qirg’izistonni dunyoga tanitishga salmoqli hissa qo’shadi.
“Umuman olganda, mazkur universitet katta qadamlar bilan olg’a intilyapti. Bu qadamlarni qo’llab-quvvatlash lozim”, - deb hisoblaydi suhbatdosh.