Amerikaliklar nega chet elda tahsil olishni istaydi?

  • Amerika Ovozi

Uilyam Finli Janubiy Afrikada talabalari bilan

Har yili qariyb 250 ming amerikalik xorijda tahsil oladi. Bu talabalarning maqsadi nafaqat chet el oliygohlarida bilim olish, balki o’zga xalqlar bilan yaqindan tanishish, ularning hayoti, tili va madaniyatini o’rganish.

Xitoyga o’qishga borgan bir amerikalik talaba Pekinga yetib borishi bilanoq birinchi topshirig’ini oldi. Uning qo’liga besh dollar pul berib, shahar chekkasida qoldirishdi. Pekinda talabalar yotoqxonasini topib borishing kerak, deyishdi. Yigit qiynalsa-da, vazifaning uddasidan chiqdi.

Musulmon davlatlarida ilm olayotgan amerikalik yoshlar ko'p

Bu chet elda tahsil olaman degan yigit-qizlar yuzlashadigan holatlardan biri.

“Talabalar dunyoning boshqa qismidagi odamlar dunyoqarashi va turmush tarzi haqida tasavvurga ega bo’lishi kerak. Bu juda muhim”,- deydi Uilyam Finli, Jorjiya Universitetining sotsiologiya kafedrasi mudiri.

“Ko’p hollarda talabalar xorijiy mamlakatga bir muayyan guruh tarkibida boradi va faqat bir-biri bilan muloqot qiladi. Demak, mahalliy aholi bilan yaxshi tanisha olmaydi”.

2008-yilda Uilyam Finli Janubiy Afrikaning Shtellenbosh Universiteti bilan hamkorlikni yo’lga qo’ydi. Bu dastur orqali u yerga o’qishga borgan amerikalik mahalliy aholi bilan yaqindan muloqot qilishi shart. Darsdan tashqari talaba bolalar bog’chasi yoki kutubxonada ishlash imkoniga ega.

Janubiy Afrikada o’qib qaytgan Xillari Kinsi o’z taassurotlari bilan o’rtoqlashadi:

Xillary Kinsi va kursdoshi Ben Valerio Janubiy Afrikada tahsil olayotgan davrda bolalar bog'chasida ham ishlagan

“Men turgan mintaqa tarixi va u yerda demokratiya qanday qaror topayotganini o’rganish juda qiziq bo’ldi. Odamlar bilan bevosita gaplashdim. Aloqa qilishni, turli elatlar orasidagi munosabatlar haqida o’rgandim”.

Vataniga qaytgach, bu talaba o’z tashkilotini tuzishga qaror qildi. Notijoriy muassasa.

Maqsad, deydi Xillari Kinsi, Janubiy Afrika taraqqiyotiga hissa qo’shish.

Mark Lenxart rahbarligidagi yana bir akademik dastur doirasida amerikalik talabalar Xitoy, Iordaniya, Chexiya singari mamlakatlarda o’qishi mumkin.

Xorijda bilim olish o'zga xalqlar hayoti bilan yaqindan tanishish, o'z madaniyatini targ'ib qilish imkoniyatini beradi

”Ular nafaqat chet tilini o’rganadi, balki mahalliy madaniyatni tushunishga harakat qiladi. Ba’zida xatolarga ham yo’l qo’yadi. Ular o’qiyotgan mamlakat hayotiga moslashishi kerak. Masalan, xitoy tilini o’rganayotgan talabadan xitoychani suvdek bilish talab qilinadi. Universitetni bitirgach, talabalarimiz bemalol ish topa olsin”,- deydi Mark Lenxart.

Xalqaro Ta’lim Instituti rahbari Allen Gudman fikricha, chet elda tahsil olgan yoshlar nafaqat yaxshiroq ish topadi, balki keng dunyoqarashga ega bo’lib, global fuqaroga aylanadi.

"Global bir inson bo’laman desangiz, bir joyda o’tirib kitob o’qish yoki internet orqali, aytaylik, Misrda yashayotgan odam bilan muloqot qilish yetarli emas. O’sha mamlakatga borish, u yerni o’z ko’zi bilan ko’rish kerak. Xorijda o’qishdan maqsad shu”.

Aytish joiz, har yili Amerikaga chet eldan 600 mingdan ziyod talab kelib, bu mamlakat o’quv dargohlarida bilim oladi. Xorijliklarni o’qitish AQSh byudgetiga 11 milliard dollarga yaqin daromad keltiradi.