Taniqli fotograf Kerol Haysmit 35 yildan beri Amerika manzaralarini suratga oladi. U o'z ijodini mualliflik huquqisiz Kongress kutubxonasiga hadya qilgan. Ular orasida Amerika milliy parklari, ya'ni tabiat qo'riqxonalari va tarixiy joylari aks etgan yuzlab ajoyib asarlar bor.
Kerol Haysmitni Amerikaning fotografi deb atashadi.
"Amerika bo'ylab safarga chiqqanimda nimalarni suratga olaman? Hamma narsani. Ayrimlar mendan nega "Oltin darvoza" ko'prigini rasmga olasan, uni hamma olgan-ku, deb so'raydi. To'g'ri, 500 yildan keyin ham bu ko'prikning rasmlari bo'lishi mumkin, lekin Kongress kutubxonasida saqlanadigan eng yuqori rezolyutsiyadagisi meniki bo'ladi", - deydi u.
Haysmit hozirda dunyodagi eng ulkan kutubxona bilan hamkorlik qilmoqda.
"Go'zal manzaralarimizni yaxshi saqlanadigan joyga yig'ib qo'yishimiz muhim", - deydi u.
Haysmitning ulkan kolleksiyasidan Amerika milliy parklarining ajoyib suratlari o'rin olgan.
"Ularning aksariyatida bo'lganman. Buyuk vodiylardan tortib Yelloustounning qishki manzaralarigacha olganman", - deydi u.
Yelloustoun milliy parkida u bizonlar bilan to'qnash keldi.
"Yovvoyi tabiatda men olgan barcha suratlar orasida eng zo'ri shu bizon. Ular xuddi yuz ming yillik tarixdan kelganga o'xshaydi", - deydi u.
"Yelloustounning qish, kuz va bahordagi ulkan va go'zal manzarasiga qarab, bizon buzoqlarini ko'rib, har doim shundayligicha qoladimi, deb o'ylaysiz", - deydi suratkash.
Haysmit barcha ob-havo sharoitlarida ishlaydi. Qo'rqsa ham, ishini deb samolyotda uchadi.
"Nihoyat Alyaskaga borib, Denali milliy parkiga uchish uchun samolyot yolladim. Yo'l bo'yi qo'rquvimni qanday yengaman, deb o'yladim. Baribir, bu ishni qilishim kerak, dedim o'zimga", - deydi u.
"Parkni, bir kun kelib yo'qolib ketishi mumkin bo'lgan ulkan Ruz muzliklarini suratga olish ajoyib tajriba bo'ldi", - deydi u.
Amerikaning bebaho manzillari bir kun kelib g'oyib bo'lishi mumkin degan qo'rquv uni ishlashga undaydi.
"Yelloustoun yo'q bo'lib ketishi mumkin, deyishadi. Bizonlar u yerda qoladimi? Yoki Vashington yodgorligi. Bu yerda zilzila bo'ldi, u qulab tushishi mumkin edi. Shuning uchun hozirgi holatini suratga olishim kerak", - deydi u.
Suratkashning ayrim ishlari yanada qiziqarli.
"Linkoln o'limidan 150 yil o'tib Ford teatriga bordim. O'sha kunni aks ettiradigan manzara bor. Sham tutib turgan odamni ko'rib, uning yuzi qanday yoritilganini, o'sha kecha nimalar bo'lganini his qilish mumkin", - deydi Haysmit.
"Linkoln o'lgan kuni kiygan paltoni ham suratga oldim. Unda qon dog'lari bor edi. Bu yodgorliklarga yaqin bo'lishning o'zi ajoyib", - deydi u.
Kerol Haysmit nafaqat suratlari, balki karyerasining o'ziga xos jihati bo'lgan saxovatpeshaligi bilan ham esda qoladi.
"Bu yerdaligimdan, shu ishni qilayotganimdan xursandman", - deydi u.